Jamshid Avloniy: “Bobom faoliyati men uchun yuksak namuna”

    XIX asr oxiri va XX asr boshidagi o'zbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri, ma'rifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy o'qish va o'qitish usuliga yangilik kiritib, yangi maktablar tashkil etganidan xabaringiz bor.

    U oʻquvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va Gʻarb tillarini oʻrgatish kabi muhim taʼlimiy-tarbiyaviy ishlarni bajarib, oʻzbek millati tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Oʻzbek pedagogikasining “otasi” va yurtimizda birinchilardan boʻlib professor unvoniga sazovor boʻlgan Abdulla Avloniy haqida koʻp va xoʻp gapirsak arziydi.

    Bugungi kunda buyuk namoyandaning xayrli ishlarini nevarasi Jamshid Avloniy ham munosib davom ettirmoqda. Kimyo fanlari nomzodi, falsafa doktori, polimerlar va nanotexnologiyalar kimyosi boʻyicha muhandis Jamshid Avloniy 1956-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1991-yildan shu kunga qadar AQSHda kimyo yoʻnalishida katta tajriba orttirdi. 2015-yildan buyon AQSHdagi ConTex LLC kompaniyasi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

    Olim 2018-yili olgan bilim va tajribalarini yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida qoʻllashni maqsad qilib qaytib keldi. Hozir Jamshid Avloniy Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazida faoliyatini davom ettirmoqda.

    — Koʻp yillar AQSHda istiqomat qildingiz. Siz bilan qoʻngʻiroq orqali bogʻlanganimizda, bobongizning yoʻlini davom ettirish asosiy maqsadingiz ekanini aytdingiz...

    — Bobom faoliyati men uchun yuksak namuna va ibrat vazifasini oʻtaydigan yetuk inson edi. Tarix yoki adabiyot fani sahifalarini varaqlasangiz, bu inson haqida yetarlicha maʼlumotlarni topasiz. U kishining jadid maktabiga asos solgani, jadid adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgani, yangi usuldagi maktablar tashkil qilgani va koʻplab madaniy markazlar ochganidan har bir oʻzbek farzandi yaxshi xabardor. Bobom oʻzbek pedagogikasining asoschisi sifatida darsliklar roʻyxatiga matematika va geografiya fanlarini kiritgan. Hozirgacha Abdulla Avloniyning bu kabi ishlari yuksak qadrlanib, nomi alohida tilga olinadi.

    Tarix darsliklarida Buxoro xoni Amir Olimxon haqida koʻp oʻqiganmiz. Uning boy-badavlat, taxt egasi boʻlganini eshitganmiz. Biroq uning nomiga bagʻishlab birorta maktab yoki tashkilot ochilmagan. Abdulla Avloniy esa katta davlatga ega boʻlmasa-da, avlodlariga ulkan maʼnaviy boylik qoldirib ketdi. Hozir koʻplab maktab, muzey va madaniy markazlar uning nomi bilan ataladi.

    Otam Kenja Avloniy ham bobomning izidan borib, koʻp yillar taʼlim sohasida faoliyat yuritdi. Bolaligimda men ham bobom va otamga oʻxshab oʻquvchilarga dars berib, ularning savodini chiqarishni istardim. Ammo ilmga qiziqishim ustunlik qilib, kimyo yoʻnalishini tanladim va bu sohada koʻplab ishlarni bajardim. Olgan bilimim va toʻplagan tajribalarim bilan boʻlishish istagida yana ona yurtimga qaytdim.

    — Biror maqsadga erishish kishidan yuksak jasorat talab etadi. Nobel mukofoti sohibi, AQSHlik olim Alan Mak-Diarmidga shogird tushganingizning oʻzi sizning nechogʻliq katta jasorat egasi ekaningizdan dalolat beradi.

    — Alan Mak-Diarmidning olib borgan tajribalari va yozgan maqolalarini katta qiziqish bilan oʻqib borardim. Soʻng u insonga ilmiy tadqiqotlari haqida oʻz fikr-mulohazalarimni bildirib, koʻplab xatlar yozdim. Nihoyat Alan Mak-Diarmid bilan Germaniya va Avstriyada oʻtkazilgan konferensiyalarda uchrashishga muvaffaq boʻldim. Koʻrishganimizda u meni oʻzi bilan birga ishlashga taklif qildi. Bundan juda xursand boʻldim. Shunday qilib, olimning laboratoriyasida 1991-yildan 1995-yilga qadar ishlab, katta tajriba orttirdim. Bu inson oʻtgan asrning 70-yillarida polimerlarga oid izlanishlar olib borgan.

    Oddiy til bilan aytganda, polimerlar bu — plastika. Kimyoviy element sifatida olsak, tokni yarim oʻtkazuvchi xususiyatga ega. Undagi mana shu xususiyat matoga oʻtkazilgan va ijobiy natijalar olingan. Bunday noyob ixtiro yuksak baholanib, 2000-yili ustozim Alan Mak-Diarmid, AQSHlik yana bir olim Alan Xiger va yaponiyalik olim Xideki Sirakava Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu ixtiro yaralishida mening ham hissam bor. Alan Mak-Diarmid umri davomida toʻrt yuz kishi bilan ishlagan boʻlsa, ulardan biri menman.

    Hozir ustozimdan oʻrgangan bor bilim va tajribalarimni tadbirkorlik sohasiga tatbiq etyapman. Ilm sohasi ikki turga boʻlinadi: birinchisi — akademiya, ikkinchisi — sanoat. Men akademiyada ishlab, katta tajriba orttirdim. Soʻng sanoatga oʻtdim. Toʻgʻrisi, bu juda murakkab soha.

    — Hozir qanday innovatsion ishlanmalaringiz bilan sanoatga kirib boryapsiz?

    Bozorda bosim sensoriga talab yuqori. AQSHda bosimli sensordan juda keng foydalaniladi. Masalan, men yaratgan matolardan “TIME MAGAZINE” kompaniyasi bosimni sezadigan qoʻlqop ishlab chiqardi. Bu ixtiro yaqinda AQSHda oʻtkazilgan “Eng yaxshi innovatsiya” tanlovi mukofotiga munosib koʻrildi.

    Xoʻsh, bu turdagi bosim sensorlari va qoʻlqoplar nima uchun kerak, degan savol tugʻilishi tabiiy. Baʼzi insonlar baxtsiz hodisa tufayli qoʻli yoki oyogʻidan ayrilishi mumkin. Natijada ularga protezlar qoʻyiladi. Ular ogʻir narsani koʻtarganda, umurtqa pogʻonasiga ogʻirlik tushadi. Yoki boʻlmasa, sunʼiy qoʻllar bilan biror-bir nozik narsani olayotganda, sindirib yuborishi mumkin. Ularni qanday kuch va bosim bilan olishni sensorlar “aytib beradi”. Chunki sensorlarda teskari aloqa mavjud. Masalan, yurganda qoqilmaslik uchun toʻgʻri yurish kerakligini asab tolalari orqali bilamiz, yaʼni nerv orqali harakatlanamiz. Bosim sensorlari ham xuddi asab tolalari kabi faoliyat yuritadi. Aynan protezlarga ham shunday maʼlumot kerak.

    Bilasizmi, harbiy sohada koʻp yangiliklar kuzatiladi. Mana, masalan, butun dunyoni egallagan internetni ham ular oʻylab topgan. Ekzis degan robot bor. U metalldan skelet shaklida yasalgan. Oʻrtacha inson ellik kilogramm yukni koʻtara oladi. Ekzis robotining ichiga kirgan askar yuz ellik kilogramm yukni koʻtarib, oʻttiz kilometr yursa ham charchamaydi. Askar teskari aloqa orqali robotni boshqaradi. Agar sezgir asab tolalari boʻlmasa, robot harakatlanmaydi yoki agʻanaydi.

    Bundan tashqari, qandli diabetdan qiynaladigan insonlarga ham bosim sensorlari foydali. Bunday kasallikni boshdan kechiradigan bemorlarning asab tolalari oxiri ogʻriqni sezmay qoladi. Hatto poyabzalni notoʻgʻri kiygani yoki oyogʻini qisganini ham his etmaydi. Bosim sensorlari orqali qayerga qanday bosim tushganini aniqlash mumkin. Maxsus dastur yordamida bosimni sezadigan matoga tanani tekkizish orqali qayerda bosim boʻlayotganini koʻrish mumkin.

    Masalan, oddiy pianinoni mashina bosib ketsa yoki suvga tashlasangiz, ishlamaydi, toʻgʻrimi? Maxsus polimerlardan ishlangan plastik va mato koʻrinishidagi pianinolar suvga tushsa yoki mashina bossa ham sinmaydi. Juda ham mustahkam. U ixcham va qulay shaklda boʻlib, musiqa shinavandalari uni bemalol olib yursa boʻladi.

    — Oxirgi yillar “innovatsiya” soʻziga koʻp urgʻu berilmoqda. Dunyo koʻrgan ekspert sifatida kecha va bugun yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarga qanday baho berasiz?

    — Darhaqiqat, yurtimizda oʻzgarishlar juda katta. Toʻrt-besh yil oldin oddiy televizorni yoqsam, koʻrsatuvlari juda zerikarli tuyulardi. Hozir esa telekanallar koʻp, koʻrsatuvlar xilma-xil. Har biri oʻziga xos qiziqarli va muhim maʼlumotlarga boy. Hamma sohaga yangi texnologiyalar kirib kelayotganidan juda quvondim.

    Shuningdek, investitsiya va turizm sohasiga ham keng yoʻl ochilayotgani alohida diqqatga sazovor. Mana, misol uchun, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “InnoWeek” haftaligini olaylik. Bu tadbirda koʻplab iqtidorli yoshlar bilan tanishdim. Ayniqsa, InnoLab laboratoriyasi xodimi Abdulahad Karimovning ixtirosi eʼtiborimni tortdi. Uning loyihasida taqdim etilgan apparat paxtalardan ozuqlanadigan kapalak va hasharotlarni tutadi. Apparatning toʻlqinli chiroqli spektorlari paxtadagi zararkunandalarni tortib oladi. Keyin chiroqning kuchi bilan uni yoʻq qilib yuboradi. Natijada havoda gʻoyib boʻlgan hasharotdan foydali kimyoviy elementlar olinadi. Bu kabi koʻplab qiziqarli loyihalar haqida gapirish mumkin.

    — Sizni ham “InnoWeek” haftaligida qiziqarli loyihalaringiz bilan uchratdik. Gʻayrioddiy koʻrpa va sensorli qoʻlqoplaringiz tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Bu ixtirolar qanday vazifalarni bajaradi?

    Gʻoyalar haftaligida bir necha ixtirolarim bilan qatnashdim. Shulardan biri — elektr koʻrpalar. U bungacha yaratilgan elektr koʻrpalardan farq qiladi. Oddiy elektr koʻrpalarning faqat sim oʻtkazilgan joyi issiq boʻladi, orasi sovuqligicha qoladi. Ammo jarrohlikni boshdan kechirgan bemor uchun issiq koʻrpalar juda muhim. U koʻp qon yoʻqotgani uchun gipertermiyaga uchraydi. Deylik, qon bosimi tushishi natijasida sovqotishi va koʻkarishi mumkin. Bunday bemorlarga issiqlik juda zarur. Elektr simli koʻrpalar orasidan bemorning issiqligi chiqib ketadi. Yarim elektr oʻtkazuvchi qoplamdan tayyorlangan “aqlli tekstil” koʻrpalari bir maromda bemorning joniga oro kirib, xuddi lampadan taralgan issiqlikday odamning barcha kaloriyasini saqlab qoladi. Natijada bemor gipertermiya holatidan tezroq chiqadi. Hozir chet el shifoxonalarida bunday koʻrpalardan keng foydalanilmoqda. Ushbu qulaylikni yurtimiz tibbiyotiga ham olib kirmoqchimiz.

    Haftalikda yana sensorli qoʻlqopni ham namoyish qildik. Toza va sifatli matodan tayyorlangan boʻlib, unga elektr oʻtkazuvchi qoplam (polimer) oʻtkazilgan. Qoʻlni sovuq havoda issiq ushlaydi. Eng muhimi, uni kiygan holda telefon va planshetlarni bemalol boshqarish mumkin. Vaholanki, charm va neylondan tikilgan oddiy qoʻlqoplarda bunday imkoniyat yoʻqligi uchun uni yechishga toʻgʻri keladi. Baʼzilar esa bu noqulaylikni bartaraf qilish maqsadida qoʻlqoplarning uchini kesib tashlaydi. Biz yaratgan qoʻlqopning oʻziga xosligi ham shunda.

    — Yurtimizga ilm-fanni keng targʻib qilish uchun kelganingizni aytdingiz. Buni qanday amalga oshirmoqchisiz?

    – Hozir turli xil seminar va tadbirlarda qatnashib, uchrashuv ishtirokchilariga oʻz tajribalarim boʻyicha saboq berib kelyapman. Biroq har bir tajribani amaliyotda qoʻllash boshqacha. Maqsadim — oʻzimning laboratoriyamni ochish. Unda barcha bilgan sir-asrorlarimni kelgusi avlodga oʻrgatishni istayman. Kelgusida bunday ishlanmalar bilan davlatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshish niyatidaman.

    – Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

    Sevara ABDULLAYEVA suhbatlashdi.