Uchrashuvda tomonlar birgalikda geologik tadqiqotlar olib borish orqali hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, mineral resurslar va geologik ofatlar sohasida loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Li Pyong Ku Oʻzbekiston Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan muhandislik-geologik tadqiqotlar, xavfli geologik jarayonlar monitoringi, shuningdek, muhim tabiiy resurslarning yangi konlarini ochish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotganini alohida taʼkidladi. U vazirlik doirasida katta maʼlumotlar tizimi va konlardagi avariyalarni prognoz qilish uchun 3D tizimini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan qoʻshma tadbirlarni alohida qayd etdi. Ushbu ishlar doirasida faol tajriba almashish, shuningdek, baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha ilgʻor raqamli texnologiyalarni Oʻzbekiston tomoniga oʻtkazish davom etmoqda.

Janubiy Koreya tomoni joriy yilda Oʻzbekistonda mineral resurslar va geologik ofatlar sohasida loyiha boshlanganini mamnuniyat bilan eʼlon qildi. Ushbu loyiha Janubiy Koreya hukumatining 8 million dollargacha boʻlgan grant mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. 2024-2028-yillarga moʻljallangan loyiha qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, asosiy texnologiyalarni joriy etish va oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirishni qamrab oladi.

Janubiy Koreya tomoniga Oʻzbekistondagi volfram konlarini oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshma ishlarni faollashtirish taklif etildi.

Li Pyong Ku, shuningdek, joriy yilning 5-mart kuni Seul shahrida Koreya geologiya fanlari va mineral resurslar institutining xalqaro forumi boʻlib oʻtayotganini bildirdi. U mazkur tadbirda Oʻzbekiston Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining ikki vakili taqdimot bilan ishtirok etishini maʼlum qildi.

Geologiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish uchun mustahkam baza mavjudligiga ishonch bildirildi.