Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlikning Seuldagi vakolatxonasi va Koreya Adliya vazirligi oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida imzolangan hujjatga koʻra, 30-noyabr kuni tugashi lozim boʻlgan “yashil yoʻlak” loyihasi 2025-yilning 31-yanvargacha uzaytirildi. Ushbu mamlakatda noqonuniy yurgan oʻzbekistonliklar shu sanaga qadar “yashil yoʻlak”dan foydalanib erkin chiqib ketishi mumkin.
Koreyada noqonuniy ishlab, yashab yurgan shaxslar quyidagi miqdorda jarima toʻlaydi:
- 1 oydan kam boʻlsa 1,000,000 von (716 dollar);
- 1 oydan 3 oygacha 1,500,000 (1 074 dollar);
- 3 oydan 6 oygacha 2,000,000 (1 432 dollar);
- 6 oydan 1-yilgacha 4,000,000 (2 864 dollar);
- 1-yildan 2-yilgacha 7,000,000 (5 012 dollar);
- 2-yildan 3-yilgacha 10,000,000 (7 160 dollar);
- 3-yildan 5-yilgacha 20,000,000 (14 321 dollar);
- 5-yildan 7-yilgacha 25,000,000 (17 902 dollar);
- 7-yildan koʻp boʻlsa 30,000,000 (21 482 dollar).
“Koʻrsatilgan muddat ichida Koreyani ixtiyoriy tark etsangiz yuqoridagi jarimalardan ozod etilasiz, keyinchalik Koreyaga qayta kirishingiz yengillashadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu muddat tugaganidan soʻng fuqaro Koreyada yana qoladigan boʻlsa, Migratsiya agentligi tomonidan shartnoma bandlariga koʻra fuqaro yoki uning kafiliga nisbatan katta miqdorda jarima; (har bir oyi uchun 2000 dollar), Koreya tomonidan qayta kirishga taqiq qoʻllaniladi.
Shu sababli Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Koreya Respublikasida faoliyat yuritayotgan fuqarolardan ushbu davlatning qonunchiligini buzmaslikni, yuqorida koʻrsatilgan muddat ichida Oʻzbekistonga qaytishlarini soʻradi.