Janubiy Ustyurt milliy tabiat bogʻidagi fotoqopqonga Qoraquloq tushib qoldi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tasarrufidagi Janubiy Ustyurt milliy tabiat bogʻi hududida oʻrnatilgan fotoqopqonga qoraquloq muhrlandi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Maʼlumot uchun, Janubiy Ustyurt milliy tabiat bogʻi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanida joylashgan boʻlib, 2020-yil 11-noyabrda tashkil topgan. Unda 149 turdagi hayvonot dunyosi mavjud va ulardan 36 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

    Shuningdek, qoraquloq butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan, mozaik tarqalgan kenja tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi va CITESning I ilovasiga kiritilgan. Ustyurt yassi tekisligi, Amudaryoning quyi oqimi va boshqa ayrim hududlarda uchraydi. Choʻllarning barxanli va mustahkamlangan qumli qismlarida, gipslashgan tekisliklarda, baʼzan choʻllashgan togʻ etaklari va toʻqayzorlarda yashaydi.