Maqolada soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining asosiy tashabbuskori va muvofiqlashtiruvchi markaziga aylanib borayotgani haqida soʻz borgan. Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan mintaqaviy muloqot va maslahatlashuv mexanizmlari Markaziy Osiyoda uzoq yillar davomida mavjud boʻlmagan oʻzaro ishonch va muntazam hamkorlik muhitini shakllantirayotgani qayd etilgan.

Mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasidagi doimiy uchrashuvlar siyosiy muloqotni institutlashgan bosqichga olib chiqqani, bu esa xavfsizlik, iqtisodiyot va ekologiya kabi muhim yoʻnalishlarda kelishilgan qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratayotgani alohida taʼkidlanadi. “Markaziy Osiyo — 2040” strategiyasining qabul qilinishi mintaqaning uzoq muddatli rivojlanish tasavvuri shakllanayotganidan dalolat beruvchi muhim qadam sifatida baholanadi.

Shuningdek, maqolada mintaqa ichidagi savdo hajmining bir necha barobarga oshgani, oʻzaro investitsiya oqimlarining koʻpaygani Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya shunchaki siyosiy shior emas, balki real iqtisodiy jarayonga aylanganini koʻrsatuvchi omil sifatida eʼtirof etiladi. Qoʻshma korxonalar, chegaraoldi sanoat zonalari va birgalikdagi ishlab chiqarish loyihalari mintaqa iqtisodiyotining tobora oʻzaro bogʻlanib borayotganini tasdiqlaydi.

Maqolada infratuzilmaviy bogʻliqlik integratsiyaning eng muhim tayanchi ekani alohida urgʻulanadi. Transport yoʻlaklari, logistika markazlari va bojxona tartiblarini soddalashtirish boʻyicha tashabbuslar Markaziy Osiyoni Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi strategik tranzit hududga aylantirishga xizmat qilayotgani qayd etiladi.

Bundan tashqari, materialda Markaziy Osiyoning sobiq sovet hududidagi tarqoq makondan muvofiqlashtirilgan va kelajakka yoʻnaltirilgan mintaqaviy subyektga aylanish jarayoni xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora jiddiy qabul qilinayotgani haqida soʻz boradi. Shu jarayonda Oʻzbekiston nafaqat milliy manfaatlarni, balki mintaqaning umumiy barqarorligi va rivojlanishini koʻzlagan siyosiy yoʻnalishni olib borayotgani alohida koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekistonning soʻnggi diplomatik yutuqlari haqida esa shunday deyiladi:

  • 2025-yil mart — Xoʻjandda oʻtgan sammitda Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston tarixiy chegara kelishuvini imzoladi. Bu hujjat uzoq yillik nizolarni barqarorlik hududlariga aylantirdi va mintaqaviy hamkorlikka yoʻl ochdi.
  • 2025-yil aprel — Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasida ilk sammit boʻlib oʻtdi. YEI 12 milliard yevrolik Gateway investitsiya paketini eʼlon qildi.
  • 2025-yil noyabr — Vashingtonda C5+1 sammiti boʻlib oʻtdi. Bu Markaziy Osiyo rahbarlarining AQSH poytaxtida birinchi bor birgalikda uchrashuvi boʻldi.
  • 2025-yil noyabr — Toshkentda mintaqaviy birlikni rasmiylashtirish, yaʼni Markaziy Osiyo Hamjamiyatini tuzish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, maqolada Yaponiya kabi tashqi hamkorlar uchun ushbu jarayonlar yangi strategik imkoniyatlar ochayotgani, integratsiyalashib borayotgan Markaziy Osiyo xorijiy investitsiyalar, texnologiyalar va infratuzilmaviy hamkorlik uchun yanada jozibador makonga aylanayotgani eʼtirof etiladi.

Maʼlumot uchun, The Japan News Yaponiyadagi eng nufuzli ingliz tilidagi nashrlardan biri boʻlib, Yomiuri Shimbun media guruhi tarkibiga kiradi. Uning auditoriyasi diplomatlar, siyosatchilar, investorlar, akademik doiralar hisoblanadi.