Insoniyat o'zining uzoq davrlik tarixi mobaynida o'n to'rt mingdan ortiqroq urushni boshdan kechirdi. Bu qirg'inbarotlar qanchadan-qancha davlatlarni halokat girdobiga tortdi, millionlab odamlar qurbon bo'ldi. Ayniqsa, dunyoni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushi bemisl dahshati bilan qonli iz qoldirdi.
Bu yil insoniyat fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 76 yilligini nishonlamoqda. Urush tugaganiga yarim asrdan ko'p vaqt o'tgan bo'lsa-da, uning kishilar qalbiga solgan jarohati, jabru sitamlari hali-hanuz unutilgani yo'q. Bu kunlarga bevosita guvoh bo'lgan insonlar o'sha dahshatlarni hamon alam va iztirob bilan eslaydi. Achchiq xotiralarni eshitib, ko'z oldimizda ota-bobolarimiz boshidan kechirgan azob-uqubatlar gavdalanaveradi.
Bugungi farovon hayotimiz uchun nemis-fashistlari bilan olishib, jasorat ko'rsatganlar safida otam Orif Sobirov bo'lganini biz, farzandlar ham faxr, ham alam bilan eslaymiz.
Oka daryosi bo'yidagi jonbozlik
“O'ng qo'lim Oka va Zusha daryolari oralig'ida qolgan”, deb eslar edi otam. 1936-1941-yillarda Samarqandda o'sha paytdagi O'zbek davlat universitetining tarix fakul`tetini bitirgan buxorolik Orif Sobirov 1941-yil avgust oyida armiyaga chaqirildi. 1942-yil yanvar oyigacha Olmaota shahridagi piyoda askarlar bilim yurtida tayyorgarlikdan o'tgach, Qo'qon va Farg'ona o'qchi vzvodida komandir bo'lib xizmat qildi. 1943-yil yanvar oyidan shimoli-g'arbiy frontning 380-diviziyasi safida nemis bosqinchilariga qarshi janglarda ishtirok etdi, o'qchilar vzvodi komandiri sifatida jonbozlik ko'rsatdi.
1943-yilda otam Oryol viloyatining Naumovka qishlog'ida qattiq yarador bo'lib, o'ng qo'lidan ajraldi. Ivanovo shahridagi dala gospitalida davolanib qaytgach, Moskvada oliy partiya maktabida tahsil oldi. Urushda orttirgan jarohati bilan keyingi yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida katta o'qituvchi, siyosiy-iqtisod kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Orif Sobirovning fidokorligi, kelajak avlod oldidagi xizmati munosib e'tirof etildi. Ikkinchi jahon urushida ko'rsatgan jasorati uchun “Ulug' Vatan urushi” I- va II-darajali ordeni, “1941—1945-yillar Ulug' Vatan urushida jasoratli mehnati uchun”, “1941—1945-yillarda Ulug' Vatan urushida Germaniya ustidan g'alabasi uchun”, “A'lo mehnati uchun”, “1941—1945-yillardagi Ulug' Vatan urushi g'alabasining 20 yilligi”, “SSSR Qurolli Kuchlarining 50 yilligi”, “Jasoratli mehnati uchun”, “Mehnat faxriysi” medallari hamda 1977-yilda “Xalq maorifi a'lochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Fidoyi ayol
Olovli urush yillarida O'zbekiston xalqi “Hamma narsa — front uchun”, “Hamma narsa — G'alaba uchun!” degan hayotiy shior bilan yashadi. Yurtimiz front ortidagi mustahkam ta'minot bazasiga aylandi. O'zbekiston armiyaga katta miqdorda qurol-yarog', oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Ko'p millatli xalqimizning fidokorona mehnati bilan respublikamizdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod ko'chirib keltirilib, g'oyat qisqa fursatda ishga tushirildi. Ming-minglab urush qatnashchilari mamlakatimizda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolanib, shifo topdi.
Urush o'chog'iga aylangan o'lkalardan O'zbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilindi. Xalqimiz ularning barchasiga chinakam mehr va e'tibor ko'rsatdi, so'nggi nonini ham baham ko'rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.
Aksariyat erkaklar urushga ketgan bir vaqtda barcha sohalardagi ishlarga, asosan, xotin-qizlar jalb qilindi. Uyida o'z farzandi qatori boshqa millat bolalarini ham parvarishlab, ta'lim-tarbiya berish barobarida, urush o'chog'idagi turmush o'rtog'i yoki farzandlariga oziq-ovqat, kiyim-kechak yetkazib berish maqsadida turli sohalarda tinimsiz mehnat qilgan o'zbek ayollari o'sha vaqtda chinakam jasorat ko'rsatdi. Urush ortida va urushdan so'nggi tiklanish yillarida ana shunday yuksak matonat ko'rsatgan xotin-qizlar orasida onam Robiya Majidova ham bor edi.
Ilmli va g'ayratli yoshlardan bo'lgan Robiya Majidova Ikkinchi jahon urushi yillarida qishloq sho'rosi ishlarida faol qatnashib, tashviqot va targ'ibot olib bordi. Frontga sovg'a-salomlar jo'natish, “qora xat” kelgan oilalarga ruhiy dalda bo'lish kabi ishlarda bor kuch-g'ayratini safarbar etdi. Urush yillari ayollar zimmasiga katta vazifalar yuklanib, rahbarlik ishlari topshirilgan bir vaqtda shijoatli qiz Robiya Majidova ham 1948-yilda kolxozga raisa etib tayinlandi.
1950-yillar kichik jamoa xo'jaliklari birlashtirilib, yirik xo'jaliklar tashkil etila boshlandi. Shunday katta jamoa xo'jaligiga rahbarlik qilish, qishloq xo'jaligini tiklash endigina 22 yoshga to'lgan qiz zimmasiga yuklangan edi. Robiya Majidova bu vazifani a'lo darajada uddaladi. Xo'jalikni paxtachilik, chorvachilik, parrandachilik, qorako'lchilik sohalarida ancha oldingi saflarga olib chiqdi.
Robiya Majidova yosh bo'lishiga qaramay, mas'uliyatli vazifalarda o'z imkoniyatlarini namoyon eta oldi. U 1950-yilda sobiq SSSR Oliy Soveti deputatligiga saylandi. O'sha yili oktyabr oyida Stokgolm murojaatiga bag'ishlab Moskvada o'tkazilgan shahar xotin-qizlar kongressida O'zbekiston yoshlari delegati sifatida qatnashdi. Robiya Majidovaning fidokorona mehnatlari haqida viloyat, respublika va Moskvadagi “Krasnaya zvezda” gazetalarida ham maqolalar chop etila boshlandi.
Onam 1953-1956-yillarda Toshkentdagi oliy partiya maktabida tahsil oldi. Faoliyatining so'nggi yillarida Buxoro ijtimoiy ta'minot bo'limi, ayollar mehribonlik uyida rahbar lavozimida ishladi. Mehnatlari evaziga xalqning mehrini, ishonchini qozondi. Urush yillarida qalbi kemtik opa-singillar dardiga malham bo'lib, ularni qo'llab-quvvatladi. Onalar duosini oldi.
Robiya Majidova 1946-yilda “Ulug' Vatan urushidagi mehnatlari uchun” ordeni, 1950 yilda “Namunali mehnati uchun” medali, 1970-yilda “O'zbekiston SSR Sotsial ta'minot a'lochisi” ko'krak nishoni, 1982-yilda “Mehnat veterani”, 1994-yilda “Shuhrat”, 1995-yilda “G'alabaning 50 yilligi” medallari bilan taqdirlandi. Onamning ko'ksini bezagan unvonlar suronli urush yillaridan xotira, zahmat va fidokorlik namunasi bo'lib qoldi.
Bugun yurtimizda ana shunday asl farzandlar xotirasini yod etar ekanmiz, ularning chekkan mashaqqatlari evaziga erishilgan tinchlik uchun qalban minnatdor bo'lamiz. Ota-bobolarimizning urush yillarida o'tgan og'ir va ibratli hayot yo'llari bizga va bizdan keyingi avlodlarga yuksak namunadir. Hayotning zahmatli sinovlariga ko'krak tutib, yurti uchun yonib yashagan bunday insonlar xotirasi qalblarda hamisha abadiy qolgay.
Dildora SOBIROVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o'qituvchisi