Jazoir bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi

    Joriy yil 3-iyulda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Irqiy bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida joriy savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ustida ishlash, ishbilarmonlar oʻrtasida sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, oʻzaro savdo munosabatlariga toʻsqinlik qiluvchi muammolar va omillarni aniqlash va tezkor tartibda bartaraf etish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli yirik tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishda toʻplangan tajribaga tayangan holda, boshqa yoʻnalishlar bilan bir qatorda, kimyo, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, neft-gaz sanoati, shuningdek, turizm sohalarida oʻzaro hamkorlik koʻlamini kengaytirishga tayyorligini yana bir tasdiqladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.