Tadbirda JSTga aʼzo mamlakatlarning 60 dan ortiq delegatsiyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqan 25ta JSTga aʼzo-davlatlarning barchasi, shu jumladan AQSH, YEI, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqalar Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini bir ovozdan qoʻllab-quvvatlab, Tashkilotga aʼzo boʻlishi mamlakatning koʻp tomonlama savdo tizimiga toʻliq integratsiyalashuviga imkon yaratishini, barcha aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga turtki berishini hamda global darajadagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning huquqiy tizimi kengayish jarayonini faollashtirishini taʼkidladilar.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot Strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan Oʻzbekiston iqtisodiyoti va tashqi savdo rejimini erkinlashtirishning faol, pragmatik va chuqur oʻylangan siyosatiga yuqori baho berdilar. Ularning taʼkidlashicha, Strategiya xalqaro hamjamiyat tomonidan keng tan olinib, toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni doirasida, shu jumladan kengaytirilgan hujjatlar toʻplamini tayyorlash va mamlakat bozoriga chiqish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar olib borish doirasida JST bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiya tomonidan amalga oshirilgan saʼy-harakatlarning natijalariga ijobiy baho berildi.
Ishchi guruh yigʻilishining ochilishida soʻzga chiqqan JST bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiya raisi — Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov mamlakatimizning tashqi iqtisodiy siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining muhimligi va mutlaq ustuvorligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonini faol ilgari surish va yaqin kelajakda Tashkilotga aʼzo barcha manfaatdor davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash boʻyicha qarori qatʼiy ekanligini tasdiqladi.
Tadbir kun tartibiga koʻra, Ishchi guruh Oʻzbekiston tashqi savdo rejimi boʻyicha taqdim etilgan hujjatlar, jumladan, Faktologik xulosa, JSTga aʼzo-davlatlar savollariga javoblar, iqtisodiy siyosat boʻyicha maʼlumot, davlat aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bojxona-tarif siyosati, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, sanoat subsidiyalari muhokamasiga kirishdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Jenevada AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Braziliya, Shveysariya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Moʻgʻuliston va boshqa JSTga aʼzo yirik davlatlar — Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhi aʼzolari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish yuzasidan qator ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.