Yaqin yillarda ham falonchi sud zalida oqlanibdi, degan soʻzni eshitsangiz, ishonmasdingiz. Chunki, bundan yetti-sakkiz yil muqaddam sudda oqlov hukmini chiqarish ushalmas orzu edi.
Endilikda bu holat xalqimizni ajablantirmaydi. Jinoyatga jazo muqarrarligi taʼminlanib, aybsiz fuqarolarga oqlov hukmi chiqarilayotir.
Sud-huquq tizimida keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar yangilangan Konstitutsiyamizda yanada mustahkamlanib, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.
Nohaq ayblangan shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanyapti. Bunga “Mikrokredit bank” ATB Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali amaliyot boʻlimi “Uchqizil” bank xizmatlari ofisi muammoli aktivlar yetakchi mutaxassisi G.Boboqulov ham yaqqol dalildir.
Gap shundaki, 2021-yil “Termiz mega tezkor trans” MCHJ mutasaddilari bankka oshxona binosini taʼmirlash va jihozlash uchun yillik 24 foizli 36 oy muddatga maqsadli kredit ajratilishini soʻrab murojaat etadi.
Oʻsha yili 8-fevraldagi 17-kredit shartnomasiga asosan tadbirkorga 1 milliard 800 million soʻm kredit mablagʻi ajratiladi. Shundan soʻng kredit shartnomasida taʼminotchi sifatida koʻrsatilgan F. Annayeva rahbarlik qilgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga oʻzining javobgarligidagi “IABS” dasturiy taʼminoti orqali kredit oluvchi “Termiz mega tezkor trans” MCHJ rahbari Gʻ. Nazarov ruxsatisiz va u tomonidan taqdim etilishi kerak boʻlgan toʻlov topshiriqnomalarisiz oʻtkazib beradi. Oqibatda tijorat bankining 1 milliard 800 million soʻm mablagʻini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qiladi.
Shundan soʻng u jinoyatini yashirish uchun “Termiz mega tezkor trans” MCHJ rahbari Gʻ.Nazarov nomidan tegishli toʻlov topshiriqnomalarini tayyorlab, ularga soxta yozuvlar kiritib, uning nomidan oʻzi imzolab, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtiradi.
Hujjatlar qalbaki ekanini bilaturib, ularni bank maʼmuriyatiga taqdim etadi. Bu holat boʻyicha u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
Sudlanuvchi G. Boboqulov esa sudda aybiga iqrorlik bildirmasdan, ushbu jinoyat ishi yuzasidan oʻzganing mulkini talon-toroj qilmaganini, taʼminotchi va mulkdorlar aynan shu kredit boʻyicha sudlanganini, ammo uni ularga nisbatan ochilgan va yuritilgan jinoyat ishi boʻyicha tergovga chaqirishmagani, buni esa keyinchalik bilganligini, biror-bir taʼminotchi yoki mulkdor bilan til biriktirmaganini, oʻziga qoʻyilgan ayblov notoʻgʻri ekani uchun ayblovlarni olib tashlab, suddan oqlov hukmi chiqarishni, ish hujjatlari yuzasidan qonuniy qaror qabul qilishni soʻrab, koʻrsatuv berdi.
Sud davlat ayblovchisining xulosasi va himoyachining fikrini tinglab, sudlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar va guvohlarning koʻrsatuvlarini eshitib, jinoyat ishi hujjatlarini oʻrganib chiqib, G. Boboqulovning jinoyat sodir etganlikdagi aybi, jinoyat ishining bir qismiga jinoyat ishini qoʻzgʻatgan holda alohida ish yurituvga ajratish toʻgʻrisidagi qarorni tahlil va ish hujjatlaridagi dalillarni tegishli tartibda muhokama qildi.
Xususan, tergov hujjatlarida G. Boboqulov kredit summasini chiqarishda kredit papkasini tayyorlab, tegishli tartibda elektron bazaga kiritgan va kredit pullarning chiqib ketishiga sababchi boʻlgan, deyilgan boʻlsa-da, bu holat bironta dalil bilan isbotlanmagan. Yoki bu ishlar G. Boboqulov tomonidan qanday amalga oshirilgani boʻyicha dalillar olinmagan.
Xullas, sudda G. Boboqulovning juda koʻp miqdordagi oʻzganing mulkini talon-toroj qilganlikda Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligini isbotlab boʻlmadi. Shuningdek, dastlabki tergov organi sudlanuvchining harakatlarini Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi bilan ortiqcha kvalifikatsiya qilingani maʼlum boʻldi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi G. Boboqulovga qoʻyilgan ayb kvalifikatsiyasi muhokama qilinib, adolatli toʻxtamga kelindi. Uning qilmishida jinoyat tarkibi va alomatlari yoʻqligi sababli aybsiz deb topilib, oqlandi.