Jinoyat ishlarini sudda koʻrish yana-da takomillashtiriladi

    Mamlakatimizda 13 Avgust 2020 2553

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv tamoyili qoʻllanilishini yana-da kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgust kunidagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni, jinoyat ishlari tergov qilish faoliyatini yaxshilash, qonun ustuvorligini va javobgarlikning muqarrarlik prinsipi taʼminlash, jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish yoʻlida muhim hujjat boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Mazkur farmon bilan jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni ushlab turish muddatini u haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash va u bilan bogʻliq protsessual harakatlarni oʻtkazishdan oldin uning advokat bilan xoli uchrashishi taʼminlanishi shartligi haqida qoida belgilanmoqda.

    Shuningdek, aybiga iqrorlik boʻyicha kelishuv institutini joriy qilinmoqda. Bunda shaxs aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan hollarda unga nisbatan sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning yarmidan koʻp boʻlmagan miqdori jazo tayinlash,

    - jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini ogʻir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq soʻroq qilish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, ularning koʻrsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga koʻra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qoʻyish (deponirovaniye) tartibini joriy qilish,

    - oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar boʻyicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligi,

    - sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qoʻyilmagan jinoyatni sodir etganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish va javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, ushbu shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish boʻyicha barcha taraflarga berish,

    - shaxsga eʼlon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganligidan qatʼi nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga oʻzgartirilgan hollarda yarashuv institutini qoʻllash tartibini joriy qilish belgilanmoqda.

    Bu esa oʻz oʻrnida ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilishga, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, aholining sud tizimiga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

    Jahongir Karimov,

    Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy viloyati

    Karmana tuman sudining raisi