Oramizda shunday insonlar borki, jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, maʼnaviyati yuksak, ruhiyati kuchli, oʻzi matonatli. Hozir nogironligi boʻlgan shaxslar soni jahon miqyosida taxminan 1 milliard nafarni tashkil etadi. Achinarlisi, ularning 100 milliondan ortigʻi bolalardir. Keyingi yillarda yurtimizda bu toifadagilarning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashini taʼminlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida eʼtiborga molik ishlar bajarilmoqda.
Prezidentimiz shu yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha mintaqaviy kengash tuzish taklifini bildirdi va Oʻzbekistonda alohida ehtiyojga ega shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbusi doirasida Oʻzbekiston parlamenti tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Mazkur konvensiya tenglik asosida nogironligi boʻlgan shaxslarning barcha insoniy haq-huquqlarini toʻliq amalga oshirishini ragʻbatlantirish, himoya qilish va taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, harakatlanish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy jarayonda ishtirok etish, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik kabi qator muhim masalalarni qamrab oladi.
Bir soʻz bilan aytganda, endi mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari mavjud. Galdagi dolzarb masala ushbu normalarda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishdan iborat.
Prezidentimizning shu yil 27-noyabrdagi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlik belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bugun yurtimizda kechayotgan ulkan islohotlar zamiridagi “Inson qadri va qimmati har narsadan ustun” degan ezgu gʻoyani namoyon etgani bilan alohida ahamiyatga ega boʻldi.
Qarorda fuqarolarga nogironlikni belgilashdagi muayyan toʻsiqlarni yoʻqotish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish, maʼlumotlar elektron bazasini shakllantirish orqali fuqarolarga zamon talablariga javob beradigan samarali xizmat koʻrsatish tizimini shakllantirish maqsad qilingan.
Xususan, ilgari nogironlikni belgilatish uchun nogironligi bor fuqarolar, hatto I guruh nogironlari ham muayyan idoralarga borishi kerak edi. Qarorga muvofiq, shu yil 1-dekabrdan boshlab shaxsning uyi yoki u davolanayotgan statsionarda hamda sirtdan koʻrikdan oʻtkazish jarayoni tashkil etiladi.
Meʼyoriy hujjatning xalq manfaatlari aks etgan yana bir jihatiga toʻxtalish oʻrinli. Jumladan, oldin nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslar nogironlikni belgilatish uchun vaqti-vaqti bilan muayyan muddat ixtisoslashgan shifoxonalarda yotib davolanishi zarur edi. Uzoq yillar fuqarolarning ovoragarchiligiga sabab boʻlgan bu tartibga ham chek qoʻyildi. Endi klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, bunday shaxslarga tasdiqlangan kasalliklar roʻyxati asosida nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi.
Yana bir muhim jihat: tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomada shaxs ishlashi mumkin boʻlgan kasblar boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Kelasi yili 1-avgustdan boshlab dastlab Toshkent shahridagi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida nogironligi boʻlgan shaxslarni hisobga olish va koʻrikdan oʻtkazish uchun “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etiladi. Unda fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan tibbiy yoʻllanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan koʻchirmalar elektron tarzda aks etadi.
Shundan soʻng elektron axborot tizimidagi maʼlumotlarga asosan, fuqaro organizmi funksiyasining buzilishi va hayotiy faoliyati chegaralanishi hisobga olingan holda, nogironlikni fuqarolarning ishtirokisiz belgilash tartibi joriy etiladi. Elektron maʼlumotlar esa avtomatik tarzda “Pensiya” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimlariga yuboriladi.
Endi Sogʻliqni saqlash vazirligi shifokorlari zimmasiga 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlik belgilash boʻyicha yuklatilgan qoʻshimcha funksiyalar bekor qilinadi. Ularning funksiyasi kimga beriladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Qarorga muvofiq, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etilib, 16-18 yosh orasidagi nogironligi boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Ularga tegishli hujjatlar pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga topshiriladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, reabilitologiya, tibbiy-ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya mutaxassislarini tayyorlash ham zamon talablari darajasida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Aytaylik, 2022-2023 oʻquv yilidan magistratura, klinik ordinatura, qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv dasturlari xalqaro taʼlim standartlari asosida takomillashtiriladi. 2022-yil 1-iyunga qadar BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning texnik koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisidagi qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, xalqaro tajribani oʻrgangan holda, fuqarolarga nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga oʻtish konsepsiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda. Yuqorida taʼkidlanganidek, uch oy muddatda nogironligi boʻlgan shaxslar va bolalarga tegishli elektron maʼlumotlarni oʻzida jamlaydigan elektron maʼlumot bazasi takomillashtiriladi. Shu asosda nogironligi belgilangan shaxslarning nogironlik muddati tugayotgani hamda qayta koʻrikdan oʻtish zarurligi toʻgʻrisidagi xabar odamlarning mobil aloqa vositalariga bir oy oldin yuboriladi.
Bugun yurtimizda nogironligi bor shaxslar 760 mingdan ortiqni tashkil etadi. Ularni yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq qoʻllab-quvvatlash, imkoniyat va shartsharoitlar yaratib berish, hayotidan rozi boʻlib yashashini taʼminlash davlatimizning bosh maqsadidir. Mazkur qaror nogironligi bor yurtdoshlarimiz himoyasi va manfaatiga qaratilgan yana bir qutlugʻ qadam boʻldi.