Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

Monitoring tashrifi davomida ushbu koloniyalarda mahkumlarga yaratilgan shart sharoitlar oʻrganildi. Jumladan, intizomiy boʻlinma, yuvinish xonalari, mahkumlarning yotoq joylari hamda oshxonalarning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi holatlari koʻzdan kechirildi. Shundan soʻng, koloniyalardagi uzoq muddatli uchrashuv xonalari, huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlar bilan jihozlangan kutubxonalar hamda mehnat qilish va boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazish uchun yaratilgan boshqa sharoitlar oʻrganildi. Mazkur koloniyalarda mahkumlar uchun qoniqarli sharoitlar yaratilgan. Kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Mahkumlar bilan oʻtkazilgan suhbatlar davomida ham koloniyadagi shart-sharoitlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi.

Shuningdek, koloniyalardagi Tibbiyot boʻlinmalari va mahkumlarga tibbiy xizmat koʻrsatish holati ham oʻrganilib, koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi mamlakatimizda saqlanib qolayotgani sababli, ajratilishi zarur boʻlgan dori-darmonlar taʼminoti tekshirildi. Ushbu Manzil koloniyalarda ham tibbiyot xodimlari yetishmasligi maʼlum boʻldi.

Monitoring doirasida, “Ombudsman qutisi” koʻzdan kechirildi. Mahkumlar tomonidan qoldirilgan murojaatlar aniqlanmadi.

Tashrif davomida koloniyalardagi 37 nafar mahkum bilan shaxsiy hamda 150 nafardan ortiq mahkum bilan ommaviy qabullar oʻtkazildi. Mahkumlar tomonidan tergov harakatlari va sud hukmi yuzasidan shikoyatlar qabul qilinib, kerakli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Jamoatchilik guruhi aʼzolari Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumanlarining IIO FMB Vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda Sirdaryo viloyati, Xovos shahridagi 8-son Tergov hibsxonasiga oʻtkazgan oʻrganishlari davomida, ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, hojatxonalar, ularga berilayotgan ovqatlarning sifati koʻzdan kechirildi.

Bundan tashqari, ushlab turilgan jami 66 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlashilib, ular tomonidan ham sud tergov qarorlariga nisbatan shikoyatlar qabul qilindi.

Oʻrganishlar davomida bir qator kamchiliklar aniqlanib, mutasaddilarga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish borasida Ombudsman tomonidan monitoring tashriflari davom ettiriladi.