Paxtakor tumanida “Silverleaf” kompaniyasi (AQSH) direktori Den Patterson bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi va unda hududda faoliyat yuritib kelayotgan paxta-toʻqimachilik klasterining ishlab chiqarish jarayoni muhokama qilindi.
Viloyat va tuman rahbariyati ishtirokida kechgan suhbat davomida klasterning ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq amaliy masalalar atroflicha koʻrib chiqildi, samaradorlikni oshirish usullari hamda Amerikaning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish va mahsulotning qoʻshilgan qiymatini oshirish hisobiga amerikalik investorning Oʻzbekistondagi faoliyatini yana-da kengaytirish istiqbollari haqida soʻz bordi.
Mavjud masalalarni hal etish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqildi va klaster rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashga oid navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Doʻstlik tumaniga amalga oshirilgan tashrif chogʻida tarmoq idoralari va birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida tumanni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Qishloq xoʻjaligi, sanoat va ijtimoiy sohaning turli yoʻnalishlariga innovatsiyalarni keng joriy etishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish orqali Doʻstlik tumanini “innovatsiyalar tumaniga” aylantirish vazifasi qoʻyilgani maʼlum qilindi.
Mutasaddi rahbarlar bajarilgan ishlar boʻyicha natijalarini taqdim etdi, istiqbolli loyiha takliflari taqdimotini oʻtkazdi va qoʻyilgan vazifani tarmoqlar kesimida ijro etish boʻyicha oʻz qarashlarini bayon qildi.
Taqdim etilgan gʻoya va takliflarni koʻrib chiqish chogʻida mavjud muammolarni tahlil qilish va kapital qoʻyilmalarning iqtisodiy samarasini maksimallashtiruvchi loyiha takliflarini ishlab chiqishda tizimli yondashuvni qoʻllash zarurligi borasida alohida fikr-mulohazalar bildirildi.
Innovatsion yechimlarning energiya samaradorligi va tejamkorligini, shuningdek, ularning ishlab chiqarish quvvatlari oshishi va oʻzaro bogʻliq tarmoqlarning rivojlanishiga taʼsirini hisobga olish muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida innovatsiyalarni qoʻllash boʻyicha yangi gʻoya va takliflarni ishlab chiqishda yoshlar salohiyatidan foydalanish istiqbolga ega ekanligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida ishchi guruh aʼzolariga belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirish va qisqa vaqt ichida aniq natijalarga erishishni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.