Jizzaxda boʻlayotgan oʻzgarishlardan aholi mamnun

    Ijtimoiy hayot 11 Oktabr 2023 1482

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlar infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush sharoiti va sifatini oshirish maqsadida joylarda “Obod xonadon-obod koʻcha-obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha 56 mahallada ulkan bunyodkorlik ishlar amalga oshirilmoqda.

    Aytish joizki, Jizzax viloyatining eng chekka hududida joylashgan manzillarda aholining tabiiy gaz, elektr energiyasi toza ichimlik suvi taʼminoti kabi masalalarda uzoq yillar davomida yigʻilib qolgan muammolari mavjud edi. Shu bois Respublika ishchi guruhi vakillari boshchiligida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar mahalladoshlarning minnatdorligiga sabab boʻlmoqda.

    Uyma-uy yurib oʻrganishlar natijasida aniqlangan va hozirgi kunda aholi uchun dolzarb boʻlib turgan muammolarni hal etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

    Jumladan, yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida Jizzax viloyati boʻyicha jami 31,8 km ichki yoʻllarga asfalt va sement-beton qoplamasi yotqizish hamda 3 dona koʻprikni taʼmirlash ishlari bajarildi.

    Qish mavsumi oldidan aholi talabiga koʻra qoʻshimcha 197 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, hududda gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 1 865 ta aholi xonadonlaridagi 4 063 ta gaz anjomlariga texnik xizmat koʻrsatildi, 1,83 km gaz quvurlari tartibga keltirilib, 9 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik taftishdan oʻtkazildi.

    Elektr taʼminotini yaxshilash uchun eskirgan yogʻoch ustunlari oʻrniga 88 dona temir-beton tayanchlar va 5 dona transformator oʻrnatish, 3,65 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi.

    Ichimlik suvini yaxshilash borasida 2,3 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanidagi suv nasos uskunalari taʼmirlanib, soz holatga keltirildi.

    Bundan tashqari, Paxtakor, Zomin tumanlari, Jizzax shahrida koʻp qavatli uylarning tom qismlarini mukammal taʼmirlash, yertoʻla qismidagi muhandislik kommunikatsiyalarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirildi.

    Aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 328 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 38 mlrd soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Ijro etuvchi apparat tomonidan Jizzax viloyati Paxtakor, Baxmal, Zafarobod va Sharof Rashidov tumanlaridan 43 ta kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam va bolalar nafaqasi tayinlanishiga koʻmaklashildi.

    Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan ham “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan viloyatning Zomin, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlaridan 21 nafar fuqaroga jami 131,0 mln. soʻm miqdorida subsidiya mablagʻlari evaziga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun tikuv mashinalari, avtomobillarga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan karcher uskunasi, grafik dizaynerlik uchun zarur boʻlgan Notebook texnikasi hamda dehqonchilik faoliyati uchun motokultivator texnikasi topshirildi.

    Joylarda Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.