Xususan, ana shunday manzillardan biri Surxondaryo viloyatidir. “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlariga koʻra viloyatning eng olis va chekka hududlari hisoblangan Boysun tumanidagi “Duoba”, Shoʻrchi tumanidagi “Xushchekka”, Muzrabot tumanidagi “Bogʻi eram” hamda Uzun tumanidagi “Yangi yoʻl” mahallalarida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Hozirda ushbu MFYlarda 2526 ta xoʻjalik mavjud boʻlib, ularning har biri Respublika ishchi guruhi masʼullari tomonidan oʻrganildi. Aniqlangan muammolar asosida mahalla kesimida “Yoʻl xaritalari” tuzildi va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.
Jumladan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 25 ta koʻchada “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2,8 km asfalt, 57,1 km yoʻl shagʻal, 808 m2 piyodalar yoʻlagi barpo etildi. 2 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi, 2 ta yangi transformator oʻrnatilib, 12 tasi taʼmirlandi, 112 ta simyogʻoch ustunlarni beton ustunlarga almashtirildi, 101 ta yangi qoʻshimcha temir-beton ustunlar oʻrnatildi. 5,7 km uzunlikdagi yangi ichimlik suvi tarmogʻini tortildi.
Aholi murojaatiga koʻra 712 ta xonadonga qoʻshimcha 259 tonna koʻmir, 353 ta xoʻjalikka suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berildi.
Oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan, uy-joyi taʼmirtalab boʻlgan 297 ta oilaning turar joylari bepul joriy va kapital taʼmirlab berildi. Ijtimoiy himoyagi muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi 53 nafar fuqaroga 119 mln. soʻmlik turli yordamlar koʻrsatildi.
Bundan tashqari, 71 nafar fuqaroga 728 mln. soʻm imtiyozli kredit, 29 nafarga 116 mln. soʻmlik subsidiya olishiga koʻmaklashildi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 2887 nafar shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Koʻrik natijasiga koʻra ularning 36 nafariga davolanish uchun order berildi. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan 5 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 94 nafariga bepul dori-darmon vositalari, 8 nafariga tikuv mashinasi va 3 nafar fuqaroga asbob uskunalar va mehnat qurollari olib berildi.
Mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yaxshilash maqsadida joylarda 745 ta turli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, kitobxonlikni targʻib qilish tadbirlari, sport musobaqalari, “Uch avlod uchrashuvlari”, madaniy tadbirlar va h.k.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.