Qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev boshchiligidagi Respublika Ishchi guruhi Paxtakor tumanidagi “SILVERLEAFE” MCHJ loyihasi faoliyatini oʻrgandi.

Umumiy qiymati 344 million dollarga teng boʻlgan loyiha yuz foiz xorijiy investitsiya evaziga 2019-2023-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha doirasida yiliga 35 ming tonna paxta xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega “SILVERLEAFE” MCHJ klaster korxonasi ishga tushishi bilan bu yerda jami 500 dan ziyod yangi ish oʻrni, shundan 300 ta doimiy va 250 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Bugungi kungacha 23 dona yuqori unumli haydov traktorlari, 28 dona paxta terish mashinalari, 12 dona kultivatorlar, 62 dona agregat va boshqa texnikalar, jami boʻlib 125 dona qishloq xoʻjaligi texnikalari olib kelingan.

Hozirgi kunda paxta terish ishlari davom etyapti. Loyiha boʻyicha keyingi bosqichlarda tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, paxta chigitidan yogʻ mahsulotlari ishlab chiqarish hamda urugʻchilikni tashkil etish ishlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi matbuot xizmati.