Jizzaxdagi qoʻriqxonada arxarlar galasi videoga olindi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tasarrufidagi Nurota davlat qoʻriqxonasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida Qizilqum arxarlari galasi mobil tasvirga olindi.

    Ekologiya vazirligining maʼlumot berishicha, Nurota davlat qoʻriqxonasi 1973-yil 4-dekabrda Jizzax viloyatida tashkil qilingan boʻlib, Nurota togʻ tizmalarining markaziy qismi va shimoliy yon bagʻirlarida joylashgan. Hududda hayvonot dunyosining 247 turi roʻyxatga olingan va ulardan 31 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

    Xususan, Qizilqum arxari ham zaif, qisqarib borayotgan tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil roʻyxati hamda CITESning II Ilovasidan joy olgan. U 1991-yildan buyon Nurota qoʻriqxonasida koʻpaytirilmoqda.