Joʻrabek Mirzamahmudov: Kelasi yildan elektr energiyaga boʻlgan ehtiyojimizni 100 foiz qoplay olamiz

    Energetika 22 Dekabr 2023 768

    2024-yilda Oʻzbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichlari talab eng yuqori boʻladigan paytlarda ham ehtiyojni 100 foiz qondira oladigan darajaga yetadi, deb vaʼda berdi energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov.

    Energotizim rahbari bu haqda jurnalist Aziza Qurbonovaga bergan intervyusida aytib oʻtdi. Vazir tizimda qilinayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berib oʻtgach, suhbat yakunida jurnalist unga quyidagicha savol bilan yuzlandi:

    “Agar ishlarimiz siz aytayotgandek shiddat bilan ketadigan boʻlsa, yaqin kelajakda mamlakatimizning barcha hududida uzluksiz energotaʼminotga erishishimiz mumkinmi? Qancha vaqtga ketishi mumkin? Siz bunga ishonasizmi oʻzi, shuning iloji bormi? Har bir qishloqda, har bir ovulda oxir-oqibat 99 foizga erisha olamizmi?”

    Joʻrabek Mirzamahmudovga koʻra, vazirlik oldiga elekr energiyasi boʻyicha talabni 99 foiz emas, 100 foizga qondirish vazifasi qoʻyilgan va bu natijaga 2024-yilda erishiladi.

    “99 foiz degani – kimnidir taʼminlab bera olmadik degani. Sentyabr, oktyabr, noyabr oylarida texnik jihatdan qandaydir uzilish, avariyalarni inobatga olmaganda.... Biz oʻtgan yili noyabr oyida cheklov kiritishga majbur boʻlganmiz. Bu yil Xudoga shukr, noyabr oyida umuman cheklovlar kiritilmadi, barcha korxonalar va aholiga bir maromda, uzluksiz yetkazib berildi.

    Bizda oldin faqatgina qishda eng koʻp isteʼmol boʻlardi, endi aholi daromadi oshib, hamma konditsioner ishlatishi, koʻp qavatli uylarning koʻpayishi natijasida hozir yozda ham juda isteʼmol yuqori boʻlyapti. Ishga tushadigan quvvatlar yozdagi talabni toʻliq taʼminlash imkonini beradi.

    Albatta, tizimda qayerdadir tarmoq uzilishi, transformator kuyishi, yonishi yoki nosozlik kelib chiqishi kabi hodisalar boʻladi, lekin generatsiya tarafidan biz keyingi yildan 100 foiz oʻzimizning ichki ehtiyojimizni qoplash imkoniyatimiz paydo boʻladi. Buni taʼminlaymiz. Va shunday vazifa bizga qoʻyilgan. Agar qoʻyilgan vazifani bajara olmasak, nafaqat men, balki tizimimizdagi barcha masʼullar ishlashga noloyiqmiz deb oʻylayman”, – dedi energetika vaziri.