Joriy yilda Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi 2 soatu 44 daqiqa davom etdi, avvalgi ikki yilda ham davomiylik o'rtacha shunday bo'lgandi. To'rtta Murojaatnomaning eng uzoq davom etgani bu — 2017-yilda Parlamentga qilingan ilk murojaatdir, u to'rt soat davom etgan.
An'anaga ko'ra, Murojaatnomaning asosiy qismi iqtisodiyotni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash masalalaridan iborat bo'ldi. Biroq bu yil davlat rahbari nutqining deyarli uchdan bir qismini yoshlar siyosati, ta'lim va sog'liqni saqlash yo'nalishlari tashkil etdi. Bular 2021-yil nomi — YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilining muhim yo'nalishlariga muvofiqdir.