Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Quvasoy shahrida yashovchi, 1987-y.t. shaxsning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 1 kg 454 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, ushbu ajal ogʻusi tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan olib kelingan.

Bu yoʻnalishda DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta faol tadbirlar oʻtkazishdi. Jumladan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1976 va 1996-yillarda tugʻilgan ikki fuqaro tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 863 gr. “opiy” moddasini olib, doimiy yashash manzillariga qaytib ketayotgan vaqtlarida “Chinor” YPX maskanida qoʻlga olindi. Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxslar muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlanib, jazo muddatini oʻtagan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1990-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro 274 gr. “gashish” moddasini Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1992-y.t. shaxsga 35 mln. soʻmga sotmoqchi boʻlgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlandi.

Boshqa bir holatda esa “Qoʻqon-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Bektemir tumanidagi “Sharq” YPX maskanida toʻxtatilib koʻzdan kechirildi. Natijada, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1991-y.t. fuqaroga tegishli 600 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi, 168 dona “Regapen” va 79 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Qirgʻiz Respublikasidan noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.