Dunyoda tuberkulyozga chalinish holatlari keskin oshdi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tuberkulyoz kasalligi boʻyicha yangi hisobotni eʼlon qildi.

    Unda qayd etilishicha, 2023-yili ushbu xastalik dunyo boʻyicha 8,2 million kishida aniqlangan. Xavotirli jihati, bu 2022-yilga nisbatan 0,7 millionta koʻp va 1995-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichdir.

    “2023-yilda sil yuqumli kasalliklardan oʻlim holatlarining asosiy omiliga aylanib, bu borada COVID-19 ni ortda qoldirdi, — deyiladi hisobotda. — Oʻtgan yili tuberkulyoz oqibatida 1,25 million kishi hayotdan koʻz yumgan va bu koʻrsatkich undan avvalgi yilga nisbatan biroz kamaygan boʻlsa-da, bemorlar soni taxminan 10,8 million nafarga oshgan“.

    Eng koʻp kasallanish holatlari Hindiston (26 foiz), Indoneziya (10 foiz), Xitoy (6,8 foiz), Filippin (6,8 foiz) va Pokiston (6,3 foiz) davlatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

    JSST xulosasiga koʻra, dunyo boʻylab tuberkulyozning dorilarga chidamli turlari keng tarqalishi “inqiroz omili”dir. Oʻz navbatida, tashkilot mazkur yuqumli kasallikning rivojlanish xavfini oshiradigan besh asosiy omilni keltirib oʻtdi.

    Bular — toʻyib ovqatlanmaslik, OIV infeksiyasi, spirtli ichimliklar asoratlari bilan bogʻliq kasalliklar, chekish va qandli diabet.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda tuberkulyozni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazildi va bu JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mosdir.

    Shuningdek, Prezident va Hukumat qarorlarida belgilangan chora-tadbirlar tufayli soʻnggi yillarda yurtimizda tuberkulyoz bilan kasallanish darajasi 1,5-2 barobar, oʻlim holatlari 6-8 barobar kamaydi. Bu — dunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan koʻrsatkich.