JSST yetti tilda tibbiy maslahat beruvchi “elektron shifokor”ni taqdim etdi

    Salomatlik 8 Oktabr 2022 1077

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Qatar davlatida boʻlib oʻtgan xalqaro sammitda sunʼiy intellekt asosida ishlovchi koʻp funksiyali tibbiy platforma taqdimotini oʻtkazdi.

    “Florans 2.0” deb nomlangan ushbu innovatsion tizim elektron shifokor vazifasini oʻtab, odamlarga stressdan chiqish, toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik, tamaki va elektron sigareta chekishni tashlash, COVID-19ga qarshi kurash va vaksinalardan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan yetti tilda tibbiy maslahatlar bera oladi.

    Xoʻsh, yangi interfaol platformaga nega bu qadar keng miqyosda eʼtibor qaratilmoqda?

    Hisob-kitoblarga koʻra, dunyoda har 8 kishidan 1 nafari ruhiy tushkunlikdan aziyat chekib yashaydi. Qolaversa, yiliga 16 million nafar odam chekish va toʻyib ovqatlanmaslik oqibatida hayotdan koʻz yumadi. Jismoniy harakatizlik tufayli kelib chiqadigan xastaliklar taxminan 830 ming kishining oʻlimiga sabab boʻlishi ham fakt.

    Yuqoridagi singari raqamli texnologiyalar — sogʻlom turmush tarzining beminnat targʻibotchilari. “Florans 2.0” texnologiyasi ham ayni shu maqsadni koʻzlab yaratilgan.

    ‼️Xalqaro mutaxassislar fikricha, kelgusida bu kabi elektron platformalarning yanada takomillashgan versiyalari ishlab chiqilishi va ulardan elektron tibbiyotda keng foydalanilishi koʻplab xavfli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.