Shifokorga xos fazilatlar egasi

    Fikr 26 Sentabr 2024 727

    Hadisi sharifda: “Tangri kimniki xush koʻrsa, uni hamma uchun kerakli qilib qoʻyadi”, deyiladi. Zero, shifokor ham ana shunday insonlar toifasiga kiradi.

    Dunyoda mutaxassislar koʻp, shulardan biri shifokorlik kasbidir. Tibbiyot kasbini egallayman degan inson bir qancha odamiylik fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan boʻlishi lozim. Ana shunday yuksak fazilatlarga ega shifokor Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash aʼlochisi, yuksak ilm sohibi Abdugʻaffor Gadayevich Gadayevdir.

    Shuni aytib oʻtish kerakki shu yil professor Abdugʻaffor Gadayev 75 yoshni qarshi olmoqda.

    Shu bois Respublikamizning barcha tibbiyot oliygohlarida “Doktor reportyor” loyihasi doirasida Gadayev oyligi boʻlib oʻtmoqda. Joylarda olimning hayoti va faoliyati, u inson tomonidan yaratilgan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, kitoblarining taqdimotlari haqida tadbirlar va davra suhbatlari oʻtkazilmoqda.

    Ana shunday davra suhbatlardan biri Andijon davlat tibbiyot instituti axborot resurs markazida boʻlib oʻtdi. “Tanishing! Yangi adabiyotlar”, “Oʻz kasbining mohir ustasi!” mavzulari doirasida boʻlib oʻtgan suhbatda professor Abdugʻaffor Gadayevning oʻzi ishtirok etib, u tomonidan yaratilgan adabiyotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Talabalar bilan oʻtgan jonli suhbatda esa olimning bosib oʻtgan mashaqqatli va sharafli yoʻli, olib borayotgan izlanishlari, ilgʻor tajribalari talabalar tomonidan keng targʻibot qilindi.

    Davra suhbatida Toshkent tibbiyot akademiyasining matbuot kotibi ham ishtirok etib, tibbiyot sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan professorlarning ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishib, talabalar tomonidan oʻz ustozlari haqida ilmiy maqolalar yozib, “Doktor reportyor” loyihasiga taqdim etishlari haqida kelishib olindi.

    Tadbir soʻngida institut professor oʻqituvchilari ishtirokida professor Abdugʻaffor Gadayev faoliyatiga oid maʼlumotlarga boy dars mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.


    Yorqinoy IMINOVA,

    Andijon davlat tibbiyot instituti

    Axborot resurs markazi ilmiy-uslubiyat boʻlimi mudiri


    Hamkorlik materiali