Hisobotga koʻra, 2021-yilning noyabrigacha BMT portali orqali 87 ming tonnaga yaqin shaxsiy himoya vositalariga buyurtma berilgan va ularning katta qismi chiqindi hisoblanadi.

Hisobotda 2600 tonna plastik va yetarli miqdorda kimyoviy chiqindi ishlab chiqarilishi mumkin boʻlgan 140 millionga yaqin sinov toʻplamlari haqida ham soʻz boradi.

Bundan tashqari, hisob-kitoblarga koʻra, dunyo boʻylab qoʻllanilgan qariyb 8 milliard doza vaksinaning shisha flakonlari, shprislar, ignalar va himoya qutilari yana 144 ming tonna chiqindini hosil qilgan.

Hisobot mualliflari Hindistonning qishloq joylarida chiqindilarni boshqarish va utilizatsiya qilish imkoniyatlarining cheklanganligi, shuningdek, Madagaskarda karantin muassasalaridagi sanitariya holatining oʻta yomonligi kabi muammolarni aniqladi.

JSST maʼlumotiga koʻra, pandemiya boshlanishidan oldin ham sogʻliqni saqlash muassasalarining uchdan bir qismi mavjud chiqindilarni qayta ishlash uchun jihozlanmagan. Qashshoq mamlakatlarda bu koʻrsatkich 60 foizga yetgan. Tashkilot mutaxassislari qayta ishlatiladigan va qayta ishlanadigan materiallardan tayyorlangan himoya vositalaridan foydalanishga chaqirdi.

Shuningdek, eski vaksina idishlarining baʼzilari kasallik yuqtirishi mumkinligi, chunki koronavirus sirtda omon qolishi ehtimoli mavjudligi aytib oʻtilgan.

Mutaxassislarning qoʻshimcha qilishicha, yomon boshqariladigan hududlar yaqinida yashovchi aholi chiqindilarni yoqish, suv sifatining yomonligi yoki kasallik tashuvchi zararkunandalar tufayli havo ifloslanishidan ham taʼsirlanishi mumkin, deya xabar bermoqda, Reuters agentligi.