JSST maymun chechagi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyatdan xavotirda

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻtgan yilning iyul oyida dunyodagi epidemiologik vaziyatni hisobga olib, mpox (maymun chechagi) virusini pandemiya deb eʼlon qilgandi.

    Oradan bir yilga yaqin vaqt oʻtib, yaʼni joriy yil may oyida yer yuzida kasallanish holatlari sezilarli darajada pasaygach, ushbu infeksiya bilan bogʻliq favqulodda holat bekor qilindi. Ammo shu kunlarda JSST masʼullari yana xavotirda. Chunki Kongo demokratik respublikasida mpox epidemiyasi avj olmoqda.

    Xususan, bu yerda yil boshidan buyon 13 ming kishida maymun chechagi alomatlari qayd etilib, ulardan 600 nafardan ziyodi kasallik oqibatida hayotdan koʻz yumgan. Tashvishlanarli jihati mamlakatda tarqalayotgan mpox virusi shtammi ilk bor anʼanaviy jinsiy aloqa yoʻli bilan yuqayotgani aniqlandi. Bu esa xavfli infeksiyaning yanada kengroq koʻlamda yoyilishiga imkon yaratadi.

    JSST ekspertlari fikricha, Kongodagi epidemiologik vaziyat qoʻshni mamlakatlar va boshqa mintaqalar aholisi uchun ham jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Shu bois tashkilot bu yerda xastlikni jilovlash uchun shoshilinch choralar koʻrishga koʻmaklashadi.