JSST: “Mpox” virusining tarqalishi sezilarli darajada kamaygan, biroq...

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, shu kungacha Yer yuzida “mpox” (maymun chechagi) virusini yuqtirgan qariyb 84 ming nafar bemor roʻyxatga olingan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

    Ulardan 75 nafari xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumgan. Ammo real koʻrsatkichlar bundan yuqori boʻlishi mumkin. Toʻgʻri, kasallikning tarqalishi epidemiya boshlangan davrga nisbatan sezilarli darajada pasaygan. Biroq bu xotirjamlik uchun asos boʻlolmaydi. Chunki qator mamlakatlar, ayniqsa, Afrika mintaqasida mazkur virusga qarshi sinamalar ham, vaksinalar ham mavjud emas.

    JSST mutaxassisi Rozamund Lyuisning taʼkidlashicha, ushbu holat uch yil oʻtib, “mpox”ning yanada yuquvchan mutatsiyalari paydo boʻlishiga zamin yaratishi mumkin. Bu esa chinakam xavf. “Shu bois, dunyo boʻylab yangi epidemiyalarni imkon qadar tezroq aniqlash va ularning oldini olish uchun koʻproq test va vaksinalar ishlab chiqilishi kerak” — deb xulosa qiladi mutaxassis.