Odam papilloma virusining 200 dan ortiq turi mavjud boʻlib, shundan 13 tasi onkologik kasalliklarga sabab boʻladi. Xususan, virusga qarshi oʻz vaqtida vaksina olinmasa, 16 va 18-tiplari bachadon boʻyni saratonini keltirib chiqarishi isbotlangan.
Biroq mutaxassislar dunyo boʻyicha mazkur xavfli kasallikka qarshi emlash qamrovi pasayib ketganidan xavotirda. Xususan, 2019-2021-yillarda vaksina olganlar soni 15-25 foizga kamaygan. Yaʼni 3,5 million nafar qiz emlash jarayonidan chetda qolgan.
Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti odam papilloma virusiga qarshi emlash boʻyicha tavsiyalarini yangiladi. Undan quyidagi koʻrsatmalar oʻrin olgan:
-
- 9-14 yoshli qizlar vaksinaning birinchi yoki ikkinchi dozasini qabul qilishi lozim;
- 15-20 yoshli xotin-qizlar bir yoki ikki bosqichda emlanishi kerak;
- 21 yoshdan oshgan ayollar 6 oylik oraliq bilan ikki dozada vaksina olishi zarur.
Shuningdek, JSST ekspertlari immuniteti zaif, OIV infeksiyasidan aziyat chekadigan opa-singillarimiz birinchi navbatda emlanishi shart, degan xulosada. Ular xastalikka qarshi vaksinaning kamida ikki, imkoni boʻlsa, uch dozasini qabul qilishlari lozim.