Vaqt o‘tishi bilan vaziyat birmuncha o‘nglandi. Keyingi paytlarda o‘g‘il-qizlar o‘rtasida immunizasiya tadbirlari jonlanganday bo‘ldi. 

Xususan, o‘tgan yili jahon bo‘yicha 2021-yilga nisbatan 4 million ko‘proq bola emlandi. O‘z navbatida, birinchi va keyingi dozalarda vaksina olmaganlar soni shu qisqa davr ichida 24,4 milliondan 20,5 million nafarga kamaydi.

Shunga qaramay, vaziyatni quvonarli, deb bo‘lmaydi. Ya’ni emlanmagan qatlam pandemiyadan oldingi — 2019-yilgi darajadan hamon yuqori: bir yil avval 18,4 million nafar bola emlashni o‘tkazib yuborgan.

O‘tgan yili 20,5 million o‘g‘il-qiz difteriya, qoqshol va ko‘k yo‘talga qarshi birinchi va to‘liq bosqichda vaksina olmagan. Jumladan, ulardan 14,3 million nafari umuman emlanmagan. 

Pandemiya davrida vaksinalar bilan qamrov ko‘rsatkichi sezilarli pasayib ketgan 73 ta davlatdan 15 tasi 2019 yilgi darajaga qaytishga muvaffaq bo‘ldi, 24 tasi tiklanish bosqichida. Ammo 34 ta mamlakatda emlash qamrovi oshmagani yoki pasayishda davom etayotgani achinarlidir.

Qolaversa, sayyoramiz bo‘yicha ayni paytda 35,2 million bola qizamiq bilan kasallanish xavfi ostida qolmoqda. O‘tgan yili 21,9 million nafar o‘g‘il-qiz bu kasallikka qarshi emlanmagan. Ulardan 13,3 million nafari vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilmagan.

Shundan kelib chiqib, JSST a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash tuzilmalariga bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish yuzasidan tavsiyalarini berdi.