JSST salomatlik uchun xavfli boʻlgan besh turdagi oziq-ovqatlar roʻyxatini eʼlon qildi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, turli xastaliklar rivojlanish xavfini oshiruvchi oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini eʼlon qildi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Ular quyidagilar:

    1. Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari

    JSST xulosasiga koʻra, kolbasa, dudlangan mol goʻshti, sosiska va shu singari qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

    Tashkilotning maʼlum qilishicha, kuniga atigi 50 gramm miqdorida shunday yeguliklarni isteʼmol qilish yoʻgʻon ichak saratoni rivojlanish xavfini 18 foizga oshiradi.

    2. Transyogʻlar va margarin

    JSST transyogʻlarni ovqatlanish ratsionidan butunlay chiqarib tashlash tarafdori. Qayd etilishicha, dunyo boʻylab 5 milliardga yaqin odam shunday zararli mahsulotlardan himoyalanmagan. Bu esa yurak xastaliklari va oʻlim xavfini oshiradi. Ayniqsa, margarin eng zararli yogʻlardan biri hisoblanadi.

    3️. Qovurilgan yeguliklar

    Tamaddixonalarda qayta-qayta ishlatiladigan yogʻ sogʻlik uchun katta ziyon keltiradi. Oʻz navbatida, qizartirib qovurilgan yeguliklar turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

    4️. Shakar va uning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar

    Shakarning meʼyordan koʻp miqdori jigarni zoʻriqtiradi va qator xastaliklarga chalinish ehtimolini oshiradi. Shu bois JSST tavsiyasiga koʻra, kunlik shakar isteʼmoli 25 grammdan oshmasligi kerak.

    5. Konservalangan va qadoqlangan taomlar

    Bunday yeguliklar tarkibida ularni saqlash muddatini uzaytirishga xizmat qiluvchi zararli qoʻshimchalar mavjud. Masalan, kartoshka chipslaridagi natriy glutamat organizmni xuddi chekish bilan bir xil darajada zaharlaydi.

    Qolaversa, mutaxassislar tarkibida xuddi shu modda boʻlgan ziravor boʻlaklari sogʻlikda jiddiy muammolarni yuzaga keltirish ehtimoli katta.