Jurnalist va blogerlar Nurafshon shahridagi “Nurafshon biznes siti” hududidagi yangi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi

    Mamlakatimizda 24 Dekabr 2021 943

    Ayni damda AOKA va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan media-tur boshlandi. Jurnalist va blogerlarning ilk manzili Nurafshon shahri Nurafshon shahridagi “Nurafshon biznes siti” boʻldi.

    Maʼlumki, 2017-yil Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahriga koʻchirilgan boʻlib, davlatimiz rahbari 2019-yili bu yerga kelganida zamonaviy majmualar barpo etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

    Oʻtgan 2018-2021-yillarda Nurafshon shahrida jami 1 126,1 mlrd. soʻmlik qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 23 ta boshqarma va tashkilotlarning 321,9 mlrd. soʻmlik maʼmuriy binolari, 191,4 mlrd. soʻmlik 8 ta viloyat banklari, 275,7 mlrd. soʻmlik 27 ta 7-9 qavatli koʻp kvartirali uylar, 7 mlrd. soʻmlik 2 ta maktab, 16,8 mlrd. soʻmlik 5 ta MTM, 2,1 mlrd. soʻmlik 5 ta MFY binolari, 311,2 mlrd. soʻmlik 32 ta maishiy xizmat koʻrasatish nuqtalari kabi oʻnlab zamonaviy va koʻrkam obyektlar qurib bitkazildi.

    2022-2026-yillarda esa shahar boʻyicha 7 trln. 310,9 mlrd. soʻmlik maʼmuriy-ijtimoiy bino-inshootlar barpo etiladi.

    Joriy yil oxiriga qadar 19 ta 1 ming 22 ta xonadonli 6-7-9-16-qavatli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilishi hamda shahar hududida “Mikrokreditbank” binosi, viloyat elektr tarmoqlari idorasi, viloyat ekologiya, karantin, mudofaa boshqarmalari, Nurafshon markaziy oʻyingohi, 7 ta maishiy xizmat obyekti, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 48-sonli umumtaʼlim maktabi, “WITTI KIDS” bolalar bogʻchasi va boshqa koʻplab obyektlar qurilib, foydalanishga topshiriladi.

    Yaqinda shaharda koʻrkam va zamonaviy andozalar asosidagi Prezident maktabi viloyatning iqtidorli oʻquvchilarga oʻz eshiklarini ochdi. Shuningdek, Toshkent viloyati Prokuraturasi binosi qurilishi uchun 3,16 gektar yer maydoni ajratilgan. Obyektning qurilish ishlari birinchilardan boʻlib boshlangan. Asosiy bino 5 qavatdan iborat boʻlib, hozirgi kunda ichki pardozlash ishlari yakunlangan, tashqi pardozlash ishlari soʻnggi bosqichda.

    Mamlakatimizda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida direksiya hududidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filiali qurilishi uchun 6 gektar yer ajratib berildi. Bu yerda barcha qulayliklarni oʻzida mujassam etgan, zavonaviy koʻrinishga ega 5 qavatli oʻquv binosi, 2 qavatli sport majmuasi, 4 qavatli texnikum, 17 qavatdan iborat talabalar yotoqxonasi hamda oshxona binolari qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar 4 qavat beton ishlari yakuniga yetkazildi.

    Zamonaviy shahar konsepsiyasi boʻyicha Toshkent viloyati Ichki Ishlar Bosh boshqarmasi maʼmuriy binosi qurilishi uchun direksiya hududidan 1,22 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda binoning beton fundament, gʻisht terish ishlari toʻliq yakunlangan. Shuningdek, ushbu binoda boshqarma xodimlari uchun barcha qulayliklarga ega yordamchi binolar qurilishi rejalashtirilgan.

    G-62 avtomobil yoʻlida amalga oshirilayotgan muhandislik kommunikatsiya tarmoqlaridagi ichimlik suvining 2.5 kilometri toʻliq yakunlangan, 2.3 kilometrga oqava suv quvuri tortilgan, aloqa tarmogʻidan 2.4 kilometr aloqa kabellarini yotqizish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilgan. Tabiiy gaz taʼminoti boʻyicha 1.2 kilometrga maxsus quvurlar joylashgantirilgan. Bundan tashqari, umumiy uzunligi 6,8 kilometr boʻlgan yopiq drenaj ishlari toʻliq bajarilgan.

    Toshkent viloyati Sudining maʼmuriy binosi qurilishi uchun umumiy 2,0 gektar yer maydon, viloyat Davlat Soliq boshqarmasining maʼmuriy binosi qurilishi uchun umumiy 1,09 gektar yer maydoni ajratilgan. Ishlab chiqilgan loyiha asosida binoning qurilish ishlari boshlangan. Mazkur qurilish ishlarining borishi yuzasidan tegishli tartibda nazorat ishlari tashkillashtirilgan.

    “Nurafshon business city” hududida transport vositalarini harakatlanishi uchun (4R2 avtomobil yoʻlining 34,3 km qismini 4R20 avtomobil yoʻlining 5,3 km qismi bilan bogʻlovchi) umumiy uzunligi 3,6 km.ni tashkil etuvchi “Loyihaviy G-62” avtomobil yoʻlining loyihasi ishlab chiqilgan. Hozir mazkur avtomobil yoʻlining 1,2 kilometr qismi qurilib foydalanishga topshirilgan.

    Nurafshondagi Zulfiya Zokirova nomidagi bogʻ 2.97 gektar yer maydonda barpo etiladi. Mazkur qurilish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, Toshkent viloyat hokimligi va arxitektura boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan. Hozirgi kunda hudud atrofi oʻralib, Administratsiya va kutubxona binolarida beton ishlari olib borilmoqda.

    Bundan tashqari Toshkent viloyati hokimining tegishli qarorlariga asosan “Elbek nomidagi kutubxona”, “Yoshlar ijodiyot saroyi”, “Teatr”, “Koʻp tarmoqli universal sport majmuasi” obyektlari qurilish ishlari uchun direksiya hududidan yer maydonlari ajratildi. Bugungi kunda ushbu obyektlarning loyiha hujjatlari loyihachi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilmoqda.

    Umuman olganda, “Nurafshon Business City” ning aksariyat qismi umumiy maydoni 83,6 gektarga yaqin boʻlgan zamonaviy va hozirgi kun arxitektura talablariga javob beradigan koʻp qavatli turar-joy binolaridan iborat boʻladi. Uylarning rejadagi balandligi 7 dan 16 qavatgacha boʻlib, unda oʻrtacha sigʻimi 74 ming aholi uchun 25 mingga yaqin xonadonlar joylashadi. Turar-joy majmualari XXI-asrning barcha tendensiyalarini uygʻunlashtiradi. Ichki va tashqi hududlar landshaft dizaynining barcha qoidalariga muvofiq jihozlangan nozik yashil maydonlar bilan bezatiladi.

    Toshkent viloyati jamoat transportining harakat tezligi va aholi uchun qulay, mavjud yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash hamda xavfsiz yoʻl harakatini tashkil etish maqsadida Turkiya davlatining mutaxassislari bilan birgalikda “Nurafshon Business City” hududidan oʻtuvchi va Toshkent shahri Bektemir tumanigacha (4R2 “Toshkent shahri – Nurafshon shahri – A373 avtoyoʻli”) boʻlgan yoʻlda avtobuslarning tezkor harakatini tashkil etish, yaʼni “Bus rapid transit” tizimida (keyingi oʻrinlarda – BRT tizimi) jamoat transportini tashkil etish loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan Direksiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda kiritildi.