Press-tur doirasidagi birinchi manzil — “Imkoniyatlar olami” markazi boʻldi. Jurnalistlar markazda yaratilgan shart-sharoitlar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun taqdim etilayotgan xizmatlar, reabilitatsiya va kasb-hunar oʻrgatish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
— Markazimiz ijtimoiy integratsiya, teng imkoniyatlar va inson qadr-qimmatiga yangicha yondashuv ramzi, — deydi markaz direktori Hilola Xalilova. — Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya, kasbga yoʻnaltirish, kam taʼminlangan oilalar farzandlariga chet tillarini oʻrgatish va qoʻshimcha taʼlim berishdan iborat. Bu yerda kompleks yondashuv asosida olti yoʻnalishda turli xizmatlar koʻrsatilmoqda. Endilikda markazda birinchi bosqichda kuniga 350 kishiga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilmoqda. Kelgusida ushbu koʻrsatkichni kuniga 500 kishiga yetkazish reja qilingan. Bu yerda har bir qadam, har bir saʼy-harakat insonning mustaqillikka erishishiga, jamiyatga boʻlgan ishonchi oshishiga, toʻlaqonli hayot kechirishiga yoʻl ochishga qaratilgan.
Markaz deyarli 5 gektar maydonda joylashgan boʻlib, 22 ta bino, jumladan, maʼmuriy binolar, inklyuziv taʼlim va kasb-hunar taʼlimi binolari, suzish havzasi boʻlgan sport majmuasi, shuningdek, oʻyin va oʻquv maydonlarini oʻz ichiga oladi.
Tanishuv davomida jurnalistlar imkoniyati cheklangan bolalar maktabdan tashqari taʼlim olishi, internet tarmogʻidan foydalanishi, ingliz, rus, koreys va boshqa tillarni bepul oʻrganishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha taʼlim binolari sharoitlari bilan tanishdi. Markazda nogiron bolalar va kattalarga jismoniy va intellektual faoliyat bilan shugʻullanish imkonini beruvchi kunduzgi parvarishlash xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan.
— Bu yer mening ikkinchi uyimga aylanib qolgan, – deydi Dilfuza ismli ayol. — Yaratilgan imkoniyatlar, bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar uchun cheksiz minnatdormiz. Bu yerga kelib oʻzimning ichki imkoniyatlarimni yuzaga chiqaryapman. Surat chizishga qiziqardim. Bu sanʼat turining sir-asrorlarini markaz mutaxassislari yordamida oʻrganib oldim.
Shuningdek, muassasa imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashtirilgan zamonaviy sport zali va basseyn bilan jihozlangan. Barcha jihozlar AQSH va boshqa mamlakatlardan keltirilgan va xalqaro adaptiv sport standartlariga javob beradi.
Press-tur davomida agentlik vakillari tomonidan loyihaning asosiy maqsadlari, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Zulxumor AKBAROVA







