Jurnalistlar Nurobod qoʻrgʻonidagi “Yoshlar markazi”da amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi

    Mamlakatimizda 24 Dekabr 2021 1313

    Nurobod qoʻrgʻoni Ohangaron tumanining maʼmuriy markazi etib belgilandi. Ayni paytda hududning arxitekturaviy qiyofasini yaxshilash yuzasidan ishlar amalga oshirilyapti.

    Prezidentimizning 2020-yil 7-dekabrdagi “2021-2022-yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, uch qavatli Yoshlar markazi binosi bunyod etildi.

    “Yoshlar markazi”ning ikkinchi qavatida 210 oʻringa moʻljallangan konferensiyalar zali va chuqurlashtirilgan, jumladan, ona tili va adabiyot, mental arifmetika, matematika, rus, koreys va ingliz tillari (ILTS) boʻyicha oʻquv kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    Binoning uchinchi qavatida IT va robototexnika markazi, media markaz, yoshlarni kasbga tayyorlovchi markaz (kran mashinisti, ekskavator mashinisti, buldozer mashinisti, elektr payvandchi, elektrik, tokar va buxgalteriya 1S) shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi va Yoshlar ittifoqi tuman kengashi rahbari va xodimlari uchun xonalar joy olgan.

    Bundan tashqari, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tumandagi 29 ta mahallada “Work out” maydonchalari tashkil etilgan.
    Bugungi kunda umumtaʼlim maktablarida xuddi shunday maydonchalar taʼmirlanmoqda.

    Darvoqe, Nurobod shaharchasida, viloyatda yagona, deya eʼtirof etilgan “Work out sity” maydonchasi qurilmoqda.

    Shuningdek, 51 ta maktabning sport maydonchalariga tungi yoritish chiroqlari oʻrnatilmoqda.

    OAV vakillari “Yashil makon” umummilliy aksiyasi doirasida ko‘chat ekish aksiyasida ishtirok etishdi.