Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash haqida qaror qabul qildi.

Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimining faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun har yili mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida mablagʻ ajratib boriladi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining ijodiy faoliyatini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, jumladan, yubiley yoshini nishonlaydigan jurnalistlarning ijodiy kechalarini tashkil etish, moddiy va maʼnaviy ragʻbat va koʻmakka ehtiyoji bor soha vakillarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularga yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrish belgilandi.

Viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari va mutasaddi idoralar rahbarlariga 2023-yilning may oyiga qadar belgilangan tartibda viloyat byudjet mablagʻlari hisobidan Matbuot uyini mukammal taʼmirlanishi hamda jihozlanishini taʼminlash vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand va faol jurnalistlarni ipoteka kreditlari va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa shartlar asosida uy-joy bilan taʼminlashga koʻmaklashish choralari koʻriladi.