Bu kabi yondashuvni Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik va demokratik siyosatning eng muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligi hamda milliy manfaatlarimizga javob beradigan bu yoʻlni qatʼiy davom ettirish kerakligi bildirildi.
Bu borada, avvalo, mavjud meʼyoriy-huquqiy bazani kuchaytirish maqsadida keyingi toʻrt yilda 12 qonun hujjati qabul qilingani, media sohasi, axborot xizmatlari tizimi tubdan yangilanganini taʼkidlash lozim.
Davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilayotgani keltirildi. Jumladan, hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, milliy dastur va strategiyalarning bajarilishi yuzasidan doimiy ravishda matbuot anjumani va brifinglar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Agar 2019-yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda bu raqam 2 ming 410 taga yetdi.
Ommaviy axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti shakllanmoqda. Buning tasdigʻini davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish koʻrsatkichi 2018-yilda 12 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil yakuniga koʻra qariyb 90 foizga yetgani misolida ham koʻrish mumkin.
Yaqinda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.
Shu oʻrinda tabrikda keltirilgan masalalar boʻyicha Adliya vazirligi tajribasiga toʻxtalsak. Soʻnggi 2-3 yil davomida vazirlikning aholi, OAV bilan oʻzaro aloqa tizimi sezilarli ravishda oʻzgardi. Bunga qanday erishildi?
Vazirlik tizimida innovatsiyalar joriy etilmoqda. Xususan, koʻp tarmoqli Call-sentr xizmati (1008); “Madad” NNT va uning hududiy byurolari, Advice.uz platformasi, “Biznesga maslahat” (Advice for business) maxsus interfaol portali, “Huquqiy axborot” telegram kanali.
Adliya vazirligi tomonidan fuqarolar va jamoatchilik vakillari bilan ishlash oʻzaro ochiqlik va tizimli yondashuv tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Open Justice” (Ochiq adliya) ijtimoiy dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur jamoatchilikni vazirlik faoliyati (xodimlarni ishga qabul qilishdan tortib, uning moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlargacha boʻlgan) axborotlar bilan tanishtirishning yangi yondashuvi va mexanizmlarini oʻz ichiga oladi.
Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi vazirlik markaziy apparatining tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
Boʻlim tomonidan 2021-yilning oʻtgan davri davomida 20 dan oshiq brifing va matbuot anjumani oʻtkazildi. “Oʻzbekiston 24” telekanali orqali “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” koʻrsatuvi efirga uzatilmoqda. Shuningdek, aprel oyi davomida respublikaning barcha hududlarida matbuot kotiblari, jurnalist va blogerlar uchun huquqiy sohada malakasini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi hamkorligida oʻquv seminarlar (qisqa muddatli kurslar) tashkil etildi.
Elektron OAV hamda televideniyeda doimiy ravishda rahbariyatning chiqishlari tashkil etiladi. Yil boshidan bosma va internet-nashrlarda 600 yaqin materiallar eʼlon qilindi.
Adliya tizimining aholi bilan muloqoti tubdan oʻzgardi, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi bilan yaqindan muloqot qilishning yangi, zamonaviy va taʼsirchan shakllari amaliyotga joriy etilmoqda.
Ish faoliyatida axborot texnologiyalarining qoʻllanilishi bilan odamlar va davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tizimi kuchayib bormoqda. Uchrashuvlarning “yuzma-yuz” formati onlayn-munozaralar va internet-muloqot orqali toʻldirilmoqda.
Adliya organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, Adliya vazirligini ularning faoliyatidagi xato va kamchiliklar xususida tezkor ravishda xabardor qilish maqsadida Facebook ijtimoiy tarmogʻida “Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiyey” sahifasi ochildi. Yil davomida mazkur onlayn kanallar orqali besh mingga yaqin murojaat kelib tushadi. Fuqarolarga javoblar qaytarilib, huquqiy maslahatlar berilmoqda. Bunday sahifalar boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham bor.
Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyoti jarayoni haqida axborot berish maqsadida Adliya vazirligi faoliyati yoʻnalishlari doirasida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va amalga oshirilib kelmoqda. “Murgʻak qalb” aksiyasi, “Siz doimo eʼzozdasiz”, “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihalari, “Salom Sardoba, biz birgamiz!” aksiyasi kabi ijtimoiy loyihalar ham jamoatchilik bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammoli masalalarga oʻz vaqtida yechim topishga koʻmakchi boʻldi.
Biz mana shunday – ochiq va faol ishlashda davom etamiz.
Sevara Oʻrinboyeva,
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari.