Farmonga koʻra, kasbiy taʼlim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirilib, kasbiy taʼlimning barcha darajalari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmogʻi tashkil etiladi.

Texnikumlarda:

  • kadrlar tayyorlash Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va Oʻzbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;
  • boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi;
  • boshlangʻich kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan oʻquvchilar uchun – davlat granti asosida amalga oshiriladi;
  • oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida tashkil etiladi;
  • oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarining bitiruvchilariga oʻzlashtirgan modullari, toʻplagan kreditlari va oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar oʻrtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan oʻqishni davom ettirishga ruxsat etiladi.