Agar asosiy qarzdor o'z majburiyatlarini bajarmasa, qarzni to'lash yuki to'liq yoki qisman kafil zimmasiga tushishi mumkin.

Shu bois, kafillik masalasida huquq va majburiyatlarni aniq bilish, xavflarni oldindan baholash va o'zini himoya qilish choralarini ko'rish juda muhim. 

Kafil qanday holatlarda javobgarlikdan ozod bo'ladi? Bank uning hisobvaraq yoki kartasidan pul ushlab qolishi qonuniymi? Kafil qarzni to'lab berganidan keyin mablag'ini qanday qaytarib oladi?

Ushbu va boshqa muhim savollarga javob olish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti professori, yuridik fanlar doktori Doniyor Raximov bilan suhbatlashdik.

Kafillik nima?

— Kafillik bu bir shaxs (kafil) boshqa shaxsning (qarzdorning) majburiyatini to'liq yoki qisman bajarishni o'z zimmasiga olishi demakdir.

Agar qarzdor kredit shartlarini bajarmasa, kreditor (masalan, bank) qarzni kafildan talab qilish huquqiga ega bo'ladi.

Kafillik:

· to'liq javobgarlik;

· yoki qisman javobgarlik

shaklida bo'lishi mumkin. Bu holat shartnomada qanday belgilanganiga bog'liq.

Agar shartnomada javobgarlik hajmi aniq ko'rsatilmagan bo'lsa, odatda qarzdor va kafil solidar javobgar hisoblanadi. Bu esa kreditor qarzni to'liq ravishda kafilning o'zidan talab qilishi mumkinligini anglatadi.

Kafillik shartnomasi qanday tuziladi?

— Kafillik shartnomasi albatta yozma shaklda tuzilishi shart.

Shartnomada quyidagilar aniq ko'rsatilishi lozim:

· javobgarlik hajmi (to'liq yoki qisman);

· qarz miqdori;

· foizlar, penya va boshqa qo'shimcha xarajatlar;

· sud xarajatlari masalasi;

· amal qilish muddati;

· bekor qilish shartlari.

Javobgarlik hajmi va muddat aniq ko'rsatilmagan shartnoma kelajakda jiddiy nizolarga sabab bo'lishi mumkin.

Kafil qanday holatlarda javobgarlikdan ozod bo'ladi?

— Kafillik asosiy majburiyatga bog'liq bo'lgan qo'shimcha majburiyat hisoblanadi. Shu sababli quyidagi holatlarda kafil javobgarlikdan ozod bo'lishi mumkin:

1. Asosiy qarz to'liq qoplangan bo'lsa.

2. Shartnomada belgilangan muddat tugagan bo'lsa.

3. Agar shartnomada muddat ko'rsatilmagan bo'lsa va kreditor bir yil davomida kafilga nisbatan talab qo'ymasa.

4. Kafil roziligisiz uning javobgarlik hajmi oshirilgan bo'lsa.

5. Shartnoma aldov, tahdid, zo'ravonlik yoki yanglishish ta'sirida tuzilgan bo'lsa (bu holat sudda isbotlanishi kerak).

6. Shartnoma qonun talablariga zid bo'lsa yoki muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan imzolangan bo'lsa.

Sud shartnomani haqiqiy emas deb topsa, u tuzilgan paytdan boshlab kuchga ega bo'lmagan deb hisoblanadi.

Bank kafilning kartasidan pul ushlab qolishi mumkinmi?

— Agar kafil solidar javobgar bo'lsa, kreditor qarzni to'g'ridan-to'g'ri kafildan talab qilish huquqiga ega.

Biroq pulni majburiy tartibda undirish sud qarori yoki ijro hujjati asosida amalga oshiriladi.

Qonunchilikka ko'ra:

· ish haqining 100 foizini ushlab qolish mumkin emas;

· odatda 50 foizgacha ushlab qolinishi mumkin;

· shaxs va uning oilasi yashashi uchun yetarli mablag' qoldirilishi shart.

Demak, kafil to'liq daromadsiz qoldirilishi mumkin emas.

Kafil to'lagan pulni qanday qaytarib oladi?

— Agar kafil qarzni o'z mablag'i hisobidan to'lasa, u regress huquqiga ega bo'ladi. Ya'ni u to'lagan summani asosiy qarzdordan talab qilish huquqini oladi.

Bu jarayon odatda ikki bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich: Yozma talabnoma

Qarzdorga yozma ravishda:

· to'langan summa;

· to'lov asosi;

· qaytarish muddati

ko'rsatilgan talabnoma yuboriladi. U pochta orqali, xabarnoma bilan yoki tilxat asosida topshirilishi mumkin.

2-bosqich: Sudga murojaat

Agar qarzdor belgilangan muddatda to'lovni amalga oshirmasa, sudga da'vo arizasi kiritiladi.

Sudga:

· kafillik shartnomasi;

· to'lovni tasdiqlovchi hujjatlar;

· talabnoma nusxasi

taqdim etilishi shart.

Hujjatlar qanchalik to'liq bo'lsa, regress talabini qondirish ehtimoli shunchalik yuqori bo'ladi.

Kafilning ish joyiga xat yuborilishi qonuniymi?

— Agar ijro jarayoni boshlangan bo'lsa, ijro organlari ish beruvchiga rasmiy xat yuborishi mumkin. Bu qonunga zid emas. Biroq barcha harakatlar belgilangan tartibda va sud hujjati asosida amalga oshirilishi lozim.

Imzo qo'yishdan oldin nimalarga e'tibor berish kerak?

Kafillik — bu shunchaki imzo emas, balki moliyaviy tavakkalchilikdir. Shuning uchun:

· Shartnomani to'liq o'qing.

· Javobgarlik hajmini aniq belgilang.

· Muddatni ko'rsating.

· Penya va qo'shimcha xarajatlarga cheklov qo'ying.

· Barcha hujjatlarning nusxasini saqlang.

· Zarur bo'lsa, huquqshunos bilan maslahatlashing.

· Bosim yoki tushunmovchilik sharoitida hujjat imzolamang.

Kafillik muddati tugaganda nima bo'ladi?

— Agar shartnomada aniq muddat belgilangan bo'lsa, shu muddat tugagach kafillik bekor bo'ladi.

Biroq asosiy majburiyat amal qilishda davom etayotgan va shartnoma muddati tugamagan bo'lsa, kafillik ham o'z kuchida qoladi.

Kafillik jiddiy huquqiy va moliyaviy oqibatlarga ega.

Zero, qonun kafilning huquqlarini himoya qiladi, ammo eng muhim himoya vositasi — bu to'g'ri va puxta tuzilgan shartnoma hamda shaxsiy hushyorlikdir.

Shuning uchun biror hujjatga imzo qo'yishdan oldin barcha shartlarni chuqur o'rganing. Aks holda, birovning qarzi siz uchun uzoq muddatli moliyaviy muammoga aylanishi mumkin.

 

Zulxumor Akbarova