Qorakoʻlchilik sohasi agrosanoat sektorining istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanib, kam xarajat evaziga yuqori daromad olish borasida katta imkoniyatlar taqdim etadi. Mutaxassislar fikricha, bu soha iqtisodiyotdagi eng tejamkor va samarali, ekologik jihatdan ham bezarar tarmoqdir. Qolaversa, u mustahkam valyuta va bandlikning eng ishonchli manbalaridan biri. Aynan shu bois soʻnggi yillarda qorakoʻlchilikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga davlat darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Qorakoʻlchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror sohani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur sharoitlar yaratilishiga yoʻl ochadi.
Qarorga muvofiq, qorakoʻlchilikda tadbirkorlik rivoji uchun imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021-yil 1-martga qadar qorakoʻlchilik klasterlari tomonidan qoʻy va echkilarni boʻrdoqiga boqish komplekslarini tashkil etish maqsadida ularga qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar yetishtirish uchun yer maydonlari ajratilishini taʼminlashi belgilandi. Bu juda muhim, chunki ozuqa bazasini mustahkamlash – tarmoq rivojini taʼminlashning asosiy sharti. Buning uchun ozuqabop ekinlarni yetishtirish maqsadida sugʻoriladigan yerlardan foydalaniladi. Biroq unumdor va doimiy foydalanishdagi yerlar tanqis, ularning yuqoridagi maqsad uchun klasterlarga berilishi koʻp jihatdan agrar tarmoq faoliyatiga putur yetkazgan boʻlar edi. Shu bois, qarorda aynan foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlar haqida soʻz yuritilgan. Ularning foydalanishga kiritish sharti bilan klasterlarga ajratilishi, avvalo, ana shu maydonlarning suv taʼminoti yaxshilanishiga, qolaversa, mavjud resurslardan imkon qadar oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash qarorda urgʻu berilgan yana bir muhim jihatdir. Xususan, 2021-yil 15-fevralga qadar Moliya vazirligining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari hisobidan 100 milliard soʻm mablagʻ “Turonbank” ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratilishi belgilandi. Bank esa, oʻz navbatida, ushbu mablagʻni Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi aʼzolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 2 foiz bank marjasini qoʻshish orqali hisoblanadigan stavka boʻyicha kredit sifatida taqdim etadi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Agar Markaziy bank asosiy stavkasi 14 foiz boʻlsa, unga 2 foizlik bank marjasi qoʻyilsa, yillik 16 foiz hisobidan kredit olish tadbirkorga ogʻirlik qilmaydimi? Qarorda bu masalaning ham yechimi nazarda tutilgan. Jumladan, unga koʻra, mazkur kreditlar boʻyicha Prezidentimizning 2020-yil 2-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan tartib asosida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya ajratiladi. Yaʼni kompensatsiya miqdori tijorat banklari tomonidan oʻrnatilgan foiz stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizlik punktidan koʻp boʻlmagan miqdorni tashkil etadi. Bu esa tadbirkorlar uchun juda katta yengillikki, undan foydalanib faoliyat koʻlamini sezilarli darajada kengaytirish, kreditni qisqa muddatda qaytarish va maksimal darajada foyda olish mumkin. Olingan kreditni klasterlar naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklaridan qoʻylar xarid qilish, qorakoʻlchilik sohasida eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish kabi maqsadlarga yoʻnaltiradi. Shuningdek, bu mablagʻlar qorakoʻlchilik subyektlari tomonidan ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etilishi hamda qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish, suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini taʼmirlash va modernizatsiya qilishga ham sarflanishi mumkin.
Qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan klasterlar uchun qarorda yana bir qator qulayliklar taqdim etilgan. Jumladan, 2024-yil 1-yanvarga qadar Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining doimiy egaligidagi yaylovlar hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan mazkur qoʻmitaga ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan yer soligʻi stavkasi 50 foiz kamaytiriladi. Yaʼni qorakoʻlchilik klasterlari oʻzlariga ajratilgan yaylovlar uchun belgilangan yer soligʻining faqat yarmini toʻlaydi, xolos. Uch yil mobaynida tejab qolingan millionlab soʻm mablagʻ esa yangi zotli qoʻylarni keltirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilikni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarga sarflanishi mumkin. Bu esa yana qoʻshimcha daromad, amalga oshirilgan yangi loyihalar demakdir.
Bundan tashqari, qarorga koʻra, nasldor qoʻy va echkining, shu jumladan, qorakoʻl zotli qoʻylarning xorijiy davlatlardan import qilingan har bir embrioniga respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 400 ming soʻm miqdorida subsidiya taqdim etiladi. Shunisi eʼtiborliki, qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalar keng qoʻllanilayotgan bugungi kunda qorakoʻlchilikda xorijdan naslli qoʻylarni olib kelishda ham ilm-fan taqdim etgan yangi imkoniyatlardan foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, katta yoshdagi tirik qoʻy yoki qoʻchqorni olib kelgandan koʻra, katta hajmda zotdor embrion olib kirish samaraliroq boʻladi. Biroq bu ishda ham transport xarajatlari va boshqa chiqimlar kam emas. Qaror bilan taqdim etilayotgan bu imkoniyat esa shu xarajatlarning oʻrnini qoplashga xizmat qiladi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-apreldan boshlab “Qorakoʻlchilik” uyushmasi aʼzolariga oʻzlari tomonidan import qilingan qoʻy bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom goʻsht koʻrinishida eksport qilishga ruxsat etiladi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, endilikda import qilingan bir bosh qoʻyning goʻshtidan oʻrtacha 66 dollar, tirik qoʻydan 25 dollargacha qoʻshimcha daromad olish mumkin. Misol uchun, 10 bosh qoʻyni (155 dollardan) import qilib, ulardan 5 tasining goʻshti (6,6 dollardan) eksport qilinsa, 512 dollar qoʻshimcha daromad evaziga respublikada qoladigan import qilingan qoʻylarning narxi 155 dollardan 100 dollargacha tushishiga erishiladi. Bu esa, oʻz navbatida, goʻsht mahsulotining ichki bozordagi narxlarini barqaror darajada ushlab turishga xizmat qiladi. Qolaversa, mayda shoxli mollarning ichki organlari ham jahon bozorida xaridorgir hisoblanadi. Isteʼmoldan tashqari ulardan tibbiyot va boshqa sohalar uchun mahsulot ishlab chiqarishda ham foydalaniladi. Xitoy, Eron, Pokiston va boshqa mamlakatlar bizdan bu xomashyoni katta hajmda sotib olishga tayyor ekani prognoz qilinmoqda.
Qorakoʻlchilik sohasida faoliyat yuritayotgan klasterlar uchun yana bir muhim jihat shuki, endilikda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi buyurtmasiga asosan yaylovlarda yer osti suv manbalarini aniqlash va xulosa berish bepul amalga oshirilishini taʼminlaydi. Garchi qorakoʻl zotli qoʻylar dasht va choʻl yaylovlarida 2-3 kunlab suvsiz yura olsa-da, ularni yetarlicha sugʻorish chorva salomatligini va hayotiy faolligini taʼminlashning muhim omili hisoblanadi. Biroq yaylovda quduq qazish uchun, avvalo, yer ostida suv bor-yoʻqligini aniq bilish zarur, buni esa soha mutaxassislari koʻmagisiz amalga oshirib boʻlmaydi. Quduq qazishning oʻziga anchagina xarajat ketishini hisobga olsak, qarorda belgilangan chora-tadbirlar soha rivoji uchun naqadar muhim ekani ayon boʻladi.
Qorakoʻlchilik sohasidagi ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish – qarorda urgʻu berilgan yana bir ahamiyatli masala. Shu maqsadda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Markazlashgan ilmiy-naslchilik tajriba laboratoriyasini tashkil etish belgilangan. Uning asosiy vazifalari qatorida sohada mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida tabiiy serpushtlikka, yuqori hayotchanlik va moslashish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻsh mahsuldor yangi qoʻy zotlarini yaratishning laborator tajribalarini oʻtkazish belgilandi. Shuningdek, yangi tuzilma nasldor qorakoʻl qoʻylarning sifat koʻrsatkichlari (vazni, sanoatbop jun, qorakoʻl terisi sathi va gul tipi)ni yaxshilash boʻyicha tajribalar oʻtkazadi va tavsiyalar ishlab chiqadi. Bundan tashqari, laboratoriya tomonidan ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarida yuqori nasldor elita sinfiga mansub naslli qoʻylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish va sunʼiy urugʻlantirish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyiladi.
Koʻrib turibmizki, davlatimiz rahbarining mazkur qarorida qorakoʻlchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirishga doir barcha jihatlar atroflicha hisobga olingan. Uning muvaffaqiyatli ijrosi esa nafaqat ushbu soha, balki butun agrosanoat sektorining natijadorligiga ijobiy taʼsir etadi.
Bahrom SHARIPOV,
Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi









