Kambag‘allikni bartaraf etishning yo‘li – tadbirkorlik

    Mamlakatimizda 16 Iyun 2020 2634

    Bugungi kunda Toshkent viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 40 ming 474 ta kam ta’minlangan ehtiyojmand oila mavjud bo‘lib, avvalo, ularning ishsiz a’zolari bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Zarur taqdirda oilalarga moddiy yordam ham ko‘rsatilyapti.

    Barcha shahar va tumanlardagi ijtimoiy nachor oilalar “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 9 mingdan ortiq homiy tashkilotlarga biriktirildi. Pandemiya davrida 49 mingdan ziyod oilalarga jami 20,5 milliard so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, vaqtincha ishsiz qolgan 68 274 nafar aholining 44,5 mingdan ziyodining bandligi ta’minlandi.

    Ayniqsa, bu borada viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining homiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan tadbirlari o‘z samarasini bermoqda. Xususan, Oqqo‘rg‘on tumanining “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 42-uyda istiqomat qiluvchi Muhabbat Mirzaahmedovaning uyi homiy korxonalar tomonidan ta’mirlab berildi.

    – Tumanimizdagi 29 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har birida nuroniy jamoatchilik raislari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi mehnat faxriysi Mirmuhammad Nodirov. – Har birida 7-8 nafar maslahatchilar bo‘lib, ular mahallalarni aylanib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishadi, tomorqalarda zarur ekinlarni ekish yuzasidan maslahatlar berayotganligi diqqqatga sazovordir. Uyma-uy yurib, kambag‘al va kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirilib, mutasaddi tashkilotlarga etkazilmoqda. Ilgari kam ta’minlanganlar ko‘p edi, hozir kamayib bormoqda. Sababi oilalar tomorqadan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yyapti, eng asosiysi, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishmoqda. Shu bilan birga, mahallalarni obod qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Toshkent tumanida ham bu borada ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilyapti. Asosiy e’tibor tomorqadan samarali foydalanishga qaratilayotganligi natijasini bermoqda. Homiylik tariqasida ixcham issiqxonalar qurib berilayotganligi esa oilalar byudjetiga katta yordam bo‘lyapti. “Qizg‘aldoq” fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Dilnoza Abdullaeva xonadonida viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan uch sotixli erda issiqxona barpo etildi.

    – Bu yil bir marta hosil oldik, – deydi uy bekasi Dilnoza Abdullaeva. – endi ikkinchi marta ekin ekishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Oila a’zolarimiz bilan hamjihatlikda mehnat qilayotganimiz bois, natija yomon bo‘lmayapti. Ro‘zg‘orimiz but. Eng muhimi, oila a’zolarimning bandligi ta’minlangan. Mutasaddilarga rahmat, baraka topishsin.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa hududlarda ham bunday tadbirlar izchil olib borilayotganligi bois, kam ta’minlangan, ijtimoiy jihatdan nochor oilalar son kamayib bormoqda.