Kambagʻallikni qisqartirish yoʻlidagi muhim qadamlar

    Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar Qashqadaryoda butun boʻy-basti bilan namoyon boʻlyapti. Qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yoʻl qurilishi, gaz, elektr, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti hamda boshqa qator tarmoqlardagi yangilanish va oʻzgarishlar odamlarni kelajakka ishonch bilan intilib yashashga undamoqda.

    Viloyatda 2020-2022-yillarga moʻljalangan hududiy investitsiya dasturiga asosan 15,2 trillion soʻmlik 1615 ta loyihalarni amalga oshirish hisobiga 19 ming 617 ta yangi ish oʻrinlari yaratish belgilangan.

    Tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning oʻtgan 8 oyida 720,2 milliard soʻm investitsiya hisobiga 401 ta tadbirkorlik loyihalari amalga oshirildi. Buning hisobiga 1757 ta ish oʻrinlari yaratildi.

    Koʻrsatkichlarning ijobiy tendensiyasida tadbirkorlik subyektlarining hissasi katta boʻlayotgani quvonarlidir. Viloyatda aholi bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbasini shakllantirish maqsadida, joriy yilning oʻtgan davrida 3274 ta kichik biznes subyektlari yangidan tashkil qilindi va 10 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi. Kichik biznes subyektlariga 3,6 trillion soʻmga yaqin kredit mablagʻlari ajratib berildi.

    Yil yakuniga qadar yana 3711 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil qilinadi, 1400 tasini faoliyati tiklanadi va 11590 nafar kishining bandligi taʼminlanadi. Jumladan, Qarshi tumanidagi LT “Tekstil International” qoʻshma korxonasi, Koson tumanidagi “Bunyodkor” MCHJ, Kitob tumanidagi “Kitob ip yigiruv” AJ, Yakkabogʻ tumanidagi “Rus dost tekstil” MCHJ va Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz tekstil” MCHJ korxonalari tomonidan jami 34,8 ming tonna ip kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega loyihalar ishga tushirilishi hisobiga 3050 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Viloyat markazi boʻlgan Qarshi shahrida 276 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda shahar qiyofasi tubdan oʻzgarib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Birgina joriy yilning oʻzida 3 ta umumtaʼlim maktabi, 3 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, tadbirkorlar tomonidan 30 dan ziyod obyekt – mehmonxona, toʻyxona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, dorixona va klinikalar qurilib, foydalanishga topshirildi.

    – Shaharda aholini ish bilan taʼminlash, doimiy daromad manbaiga ega aholi qatlamini kengaytirish, “temir daftar”da qayd etilgan oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga alohida eʼtibor qaratilayotir, – deydi Qarshi shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Doʻstmurod Sultonov. – Bunda yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, loyihalar muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Keyingi uch yilda shaharda 2093 ta kichik biznes subyekti tashkil qilindi.

    Xususan, sanoat tarmogʻida “Shirin niyat baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan meva va sabzavotlarni quritish liniyasi ishga tushirilishi natijasida 50 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Ularning aksariyati “temir daftar”da qayd etilgan oilalar aʼzolari va yoshlar ekani ayniqsa ahamiyatlidir. Bugungi kunda ular tomonidan har oyda qariyb 4 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorga yetkazilmoqda. Shu bilan birga korxona mahsulotlari Rossiya, Germaniya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

    – Bir necha yildan beri ishsiz oʻtirgandim, mahallamizda mazkur korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilganidan keying shu yerga ishga kirdim, – deydi Yulduz Mustofoqulova. – Ishim oʻzimga yoqadi. Korxonada ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng asosiysi, ishxonam uyimizga yaqin.

    Qarshida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida joylashgan “Safe Collection” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik sexi loyihasi 1,2 milliard soʻm evaziga hayotga tatbiq etilgan. Tayyor kiyim-kechak va bosh kiyimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada 50 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda 35 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, asosan kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar aʼzolari qabul qilingan. Zebo Ibodova bu yerda ishlayotganidan benihoya mamnun. Mehnatdan rohat topayotgani gap-soʻzlaridan shundoq seziladi.

    – Xotin-qizlar uchun doim ham qulay ish topilavermaydi, – deydi tikuvchi Zebo Ibodova. – Lekin hududimizda tadbirkorlar koʻpaymoqda va biz kabi xotin-qizlarning uyidan uzoq boʻlmagan joyda foydali mehnat bilan shugʻullanishiga imkon yaratilmoqda. Shukrki mana shu korxonada qiziqqan soham boʻyicha ishlayapman. Bundan oila aʼzolarim ham mamnun.