Qarorga koʻra: 2021-yil 1-maydan boshlab Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatiladi.

Tugatilayotgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligining qimmatli qogʻozlar bozorini, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish hamda lotereyalarni tashkil etish faoliyati boʻyicha vazifa, funksiya va vakolatlari Moliya vazirligiga oʻtkaziladi.

Moliya vazirligiga kapital bozorini rivojlantirish sohasida quyidagi vazifalar yuklatilmoqda:

– qimmatli qogʻozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish, nazorat qilish va korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

– qimmatli qogʻozlar amaliyoti bilan shugʻullanuvchi investorlar hamda qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash;

– qimmatli qogʻozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qilish;

– mahalliy kapital bozorining rivojlanish holati va uning professional qatnashchilari toʻgʻrisida investorlar va jamoatchilikni xabardor qilish;

– qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari va qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional ishtirokchilarning faoliyatini, shuningdek, bukmekerlik va lotereyalarni tashkil etish faoliyatini tartibga solish;

– qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish, professional ishtirokchilarning mutaxassislarini attestatsiyadan oʻtkazish va malaka guvohnomalarini berish;

– qimmatli qogʻozlarni chiqarish va roʻyxatdan oʻtkazish, ular yuzasidan hisobot berish hamda qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrlarini va qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarni hisobga olish reyestrini yuritish talablarini belgilash;

– oʻz mablagʻlari yetarli darajada boʻlishiga doir majburiy normativlarni va qimmatli qogʻozlarga doir operatsiyalar boʻyicha tavakkalchiliklarni cheklovchi koʻrsatkichlarni oʻrnatish;

– qimmatli qogʻozlar bozorining holati va uning ishtirokchilari haqida, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan maʼlumotlar oshkoraligini taʼminlash orqali jamoatchilikni xabardor qilish;

– kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy va xalqaro institutlar bilan samarali hamkorlik qilish.

Tugatilayotgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligining jami 110 nafar shtat birligi (shundan, 90 nafar boshqaruv xodimi) hisobidan Moliya vazirligining markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlari cheklangan soni 54 nafardan (shundan, 16 nafar hududlarda faoliyat koʻrsatuvchi markaziy apparat xodimlari) iborat Kapital bozorini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi.