Maqolada karantin qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lib, uni Ibn Sino ishlab chiqqani ta’kidlangan.
«Abu Ali ibn Sino (980-1037) zamonaviy tibbiyotning otasi, deb e’tirof etiladi. U zamonaviy O‘zbekiston hududida tug‘ilib, voyaga yetgan, turli ilm-fan manbalari, jumladan, Aflotun asarlarini chuqur o‘rgangan taniqli olimlardan biridir», deyiladi maqolada.
Materialda ta’kidlanishicha, Ibn Sinodan qolgan ilmiy meros juda boy. Uning eng yirik asari – 1025-yilda birinchi marta nashr etilgan «Tib qonunlari» deb nomlangan 5 jildli tibbiyot ensiklopediyadir. U muhim tibbiyot fanlarini o‘z ichiga oladi va zamonaviy tibbiyot, shu jumladan, karantin asosini tashkil etadi.
Maqolada Ibn Sino o‘z amaliyotida vabo kasalligiga duch kelgani haqida ma’lumot berilgan. U infeksiyalarni kamaytirish uchun bemorni 40 kunlik o‘zini-o‘zi yakkalab qo‘yish konsepsiyasini ishlab chiqqan. Arab tilida bu usul «al-Arbainiya» deb nomlanadi va «40 kun» degan ma’noni anglatadi.
Keyinchalik «al-Arbainiya» termini yevropa olimlari tomonidan boshqacha shaklda talaffuz qilina boshlangan. Tarixchilarning taxmin qilishicha, «al-Arbainiya» «karantin» so‘ziga asos bo‘lib xizmat qilgan.
XIV va XV asrlarda «qora o‘lim» vabosi tarqalgan vaziyatda Venetsiya shifokorlari ushbu kasallik bilan kurashish jarayonida «Quarantena» deb ataladigan uslubni qo‘llashgan. Bu so‘z italyan tilida «40 kun» ma’nosini anglatadi.
COVID-19 pademiyasi davrida SARS-CoV-2 virusi tarqalishining oldini olish uchun karantin uslubidan keng foydalanilmoqda. Olimlar bu uslub pandemiya tarqalishining oldini olishda isbotlangan yo‘l ekanini yana bir bor isbotladi, deya xulosa qiladi «Detik» nashri, deb xabar beradi «Dunyo» AA.