«Aynan hozirgi holat boʻyicha karantin qaytishiga umuman asos yoʻq deb hisoblaymiz. Agar haddan ortiq xotirjamlikka berilsak, hammamiz Oʻzbekistonni tashlab, chet davlatlarda sayr qilishni boshlasak, kasallikning katta oqimda kelishiga yoʻl qoʻyib beradigan boʻlsak, cheklovlar kiritilishiga asos boʻlishi mumkin.

Xalqimiz mutaxassislarning tavsiyalariga toʻgʻri rioya qilib, hayot tarzini shakllantirsa, jiddiy karantinga roʻbaru kelmaymiz.

Hozirda baʼzi davlatlar qayta karantinga kiryapti, baʼzilari esa cheklovlarni yumshatyapti. Nima boʻlganda ham vaziyatga qarab ish tutiladi», dedi Nurmat Otabekov jurnalistlarga bergan intervyusida.

U britancha shtamm bolalar orasida koʻproq tarqalayotgan boʻlsa-da, taʼlim muassasalarining yopilishi boʻyicha hozirda hech qanday fikr mavjud emasligini aytib oʻtdi.

“Taʼlim muassasalari yopilishi boʻyicha umuman fikr yoʻq. Karantin tadbirlari joriy qilinarkan, xavf ostida boʻlgan guruhga alohida eʼtibor beriladi. Shuning uchun ham mabodo karantinga ehtiyoj boʻlsa, aholining qaysi qatlami xavf guruhida ekanligini aniqlab, bir qarorga kelinadi”, deya taʼkidladi shtab aʼzosi.