Karantin vaqtida stresni qanday yengish mumkin?

    Bilasizmi? 23 Iyul 2020 2224

    Bugungi pandemiya sharoitida koʻpgina insonlarda stress, xavotir yoki qoʻrquv kabi salbiy holatlar kuzatilayotgan boʻlishi tabiiy.

    Ularga psixologik yordam koʻrsatish hozirgi vaziyatda juda dolzarb. Psixologlar bu muammo bilan bogʻliq boʻlgan his-tuygʻularni qanday yengish haqida baʼzi maʼlumotlarni taklif qiladi. Hozir biz karantin davrida oʻzimizda yuzaga keladigan stress holatlarini yengish boʻyicha psixologik tavsiyalar bilan tanishamiz.

    Faol boʻlishga harakat qiling.

    Kundalik amalga oshiriladigan ishlar rejasini yoki kun tartibini tuzib oling, uni oʻzingiz va boshqalar koʻrishi mumkin boʻlgan joyga joylashtiring, chunki bu bizning unga rioya qilishimiz ehtimolini oshiradi. Amalga oshiriladigan ishlar, boʻsh vaqt, jismoniy mashqlar, oʻqish va hokazolarda xilma-xillikni taʼminlang, sizning ichki gʻayratingiz va qiziqishingizni uygʻotadigan biron bir yangi loyiha bilan shugʻullanishga eʼtibor bering. Kayfiyatimiz va his-tuygʻularimizni oʻzimiz boshqarishimiz mumkin, shuning uchun nimani his qilayotganingizni bilishga harakat qiling va nega bu hissiyotlarni boshdan kechirayotganingizni tushunish uni boshqarishning birinchi qadamidir.

    Aloqada boʻling.

    Ekstrovert yoki introvert boʻlishingizdan qatʼiy nazar, barchamiz uchun doʻstlar va oila aʼzolari bilan muloqotda boʻlish bizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Matnli xabar, video muloqot, ijtimoiy tarmoqlar yoki telefon orqali aloqada boʻlish bizning boshqalar diqqat markazida boʻlishimizga xizmat qiladi. Xususan, his qilgan tuygʻularingizni ular bilan baham koʻrish yaxshi natija beradi. Garchi birgalikda muammo hal etilmasa ham, ishongan insonlar bilan suhbatlashishning ijobiy psixologik tomonlari borligi bir qator tadqiqotlar tomonidan ochib berilgan.

    Oʻz sogʻligʻingizga eʼtibor qarating.

    Maʼlumki, biz baʼzida sogʻligʻimizni yetarlicha nazorat qila olmaymiz. Karantin va izolyatsiya paytidagi stress va stressli holat bizning immunitetimizni zaiflashtiradi, shu sababli sogʻliqni saqlash uchun faol boʻlish yana-da muhim ahamiyat kasb etadi. Tarkibida xilma-xil ozuqa moddalari boʻlgan ovqatlarni isteʼmol qilishga odatlaning hamda ozgina va tartibsiz ovqatlanishdan saqlaning. Baʼzida xavotirlanish hissi bemalol ovqatlanishga xalal berishi mumkin, shuning uchun biz bu omillarni nazorat qilishimiz kerak. Kundalik mashqlar uyquni tartibga solishga yordam beradi, bularning barchasi psixologik salomatlikni yaxshilaydi. Taʼkidlash lozimi, alkogol va giyohvand moddalarni isteʼmol qilish stressni yengib oʻtishda yordam bermaydi.

    Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni nazoratga oling.

    2016-yilda Zika virusi inqirozi paytida “Twitter” kabi ijtimoiy tarmoq maʼlumotlariga tayanuvchi foydalanuvchilarda oddiy yangiliklarni kuzatib boruvchilarga qaraganda yuqori darajadagi stress va xavotirlar qayd etilganligi aniqlandi. Aslida, inqirozli vaziyatda juda koʻp ommaviy axborot vositalaridan foydalanish stress darajasining ortishiga olib keladi. Yangiliklarni kuzatishni cheklang va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kamaytiring Ishonchli maʼlumotlarni beruvchi anʼanaviy milliy ommaviy axborot vositalarini kuzating.

    Agar siz karantinga yoki izolyatsiyaga olingan boʻlsangiz, bularni nafaqat oʻzingiz, balki yaqinlaringiz uchun ham qilayotganingizni esda saqlang. Bu altruizmning asosiy belgisidir. Sizni xalqimizning oddiy qahramonlaridan biri deb taʼkidlash mumkin. Buning uchun biz sizdan minnatdormiz!

    Nargiza Xalilova,

    Nizomiy nomidagi TDPU dotsenti,

    psixologiya fanlari nomzodi