Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʼrinbosari Аnvar Karimov maʼlumot berdi.

– Shifokorlarimizdan iborat mobil guruhlar tomonidan oʼtgan 2022 yil mamlakatimizning 288 ta hududida 11 ming 906 nafar aholi oʼrtasida tibbiy koʼriklar oʼtkazildi, – deydi mutaxassis. – Xususan, Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash boʼyicha PEN protokoli asosida 18-40 yoshli va 40 yoshdan oshgan fuqarolar ishtirokidagi skrining tekshiruvlari yakunida qandli diabet, ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi kasalliklari aniqlangan bemorlarga markazimizning malakali mutaxassislari tomonidan zarur tavsiyalar berildi. 

Shuningdek, 420 nafar kishida murakkab va yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʼtkazildi.

Bundan tashqari, oʼtgan yil yurtimizning barcha viloyatlarida ilk bor yurak nuqsonlarini endovaskulyar yoʼl bilan berkitish, periferik tomirlarda endovaskulyar va kam invaziv operatsiyalarini bajarish yoʼlga qoʼyildi. 

Viloyat darajasida 36 turdagi, tuman darajasida 8 turdagi yangi davolash va diagnostika usullarining amaliyotga tatbiq qilinishi esa yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan ogʼir bemorlarning oʼz hududlarida dardidan xalos boʼlishlariga zamin yaratmoqda.