Karmanada 2200 gektar erda tomchilatib va yomg'irlatib sug'orish texnologiyasi o'rnatiladi

    Agrosektor 11 Yanvar 2021 5862

    Karmana tumanidagi Malikcho'l hududida minglab gektar er maydonlari suv tanqisligi tufayli 10-15 yil ilgari qishloq xo'jaligida foydalanishdan chiqib ketgan edi.

    Keyingi yillarda tumanda suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilinayotgani natijasida yuzlab gektar maydonlar qayta foydalanishga kiritilmoqda. Oʻtgan yili Malikchoʻldagi 300 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi oʻrnatilib, paxta yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda 2200 gektar yer tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi orqali bogʻ yaratish hamda chorva uchun ozuqabop ekinlar ekish maqsadida tadbirkor va fermerlarga ajratib berildi.

    Jumladan, tumandagi “Shahriyor” MCHJga ozuqabop ekinlar ekish uchun 400 gektar maydon ajratilgan. Jamiyat tomonidan Ukraina davlatidan 480 ming AQSH dollari qiymatidagi yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi olib kelindi.

    – Biz ishlab chiqargan yomgʻirlatib sugʻorish mashinasini bir mutaxassis kompyuter orqali boshqaradi, – deydi Ukrainaning “FREGAT” kompaniyasi muhandisi Pyotr Peredun. – Elektr energiyasida ishlaydigan ushbu mashina bir kecha-kunduzda 190 gektargacha yerni sugʻorish imkoniga ega. Oʻzbekistonning yoz oylari juda issiq boʻlishini inobatga olgan holda undan koʻproq tungi paytlarda foydalanishni tavsiya qilamiz. Sababi, yomgʻirlatish orqali ekinga berilayotgan suv issiq havoda tez bugʻlanib ketishi mumkin. Eng asosiysi, uni ishlatish koʻp ishchi kuchi talab qilmaydi.

    Yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasining afzalliklariga bagʻishlab, “Shahriyor” MCHJga qarashli yer maydonida viloyat fermer va tadbirkorlari uchun koʻrgazmali seminar tashkil etildi. Unda ukrainalik mutaxassislar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

    Quyi Zarafshon ITHB matbuot xizmati