Respublikamizda kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida ikki yoʻnalishda ish olib borilmoqda. Bular mehnat sharoitlarini muxofaza qilish va yaxshilash, tibbiy profilaktik yordam koʻrsatish yoʻnalishlari.

Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat va davolash reabilitatsiyasi maqsadida 2021-2023-yillarda respublikaning koʻplab ishlab chiqarish tashkilotlari ishchilari profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Kasb kasalliklari klinikasi respublikadagi yagona ixtisoslashtirilgan klinika boʻlib, 100 oʻringa ega. Unda har yili respublikaning barcha hududlaridan 3 mingdan ortiq bemor davolanadi. 33 mingdan ortiq bemor esa ambulator sharoitida tekshiruvdan oʻtkaziladi. Ular zararli va havfli omillar taʼsirida faoliyat olib borgan 80 dan ortiq asosiy ishlab chiqarish korxonalarining ishchilaridir.

Soʻnggi bir yildagi oʻtkazilgan tibbiy koʻriklar xulosalari asosida 9800 ta ishchi-xodimga (98 foiz) ishga yaroqlilik ekspertiza hulosalari berildi. Aniqlangan tashxislarga koʻra 42 foiz tekshirilganlarga zarur davolash va sogʻlomlashtirish tadbirlari rejalashtirildi, 2 foiz statsionar, 4 foiz sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yuborish, 4116 ta ishchiga shifokor nazoratida boʻlish, 290 ta ishchiga sogʻligʻi xolatiga koʻra yengil yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan boshqa ishga vaqtincha oʻtkazish boʻyicha  tavsiyalar berildi.

Kasb kasalligi tasdiqlangan bemorlar Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti klinikasida dispanser nazoratida turadi. Ular davlat tomonidan himoyalangan bemorlar guruhiga kiradi va klinikada har yili bepul davolanish, tekshirish va reabilitatsiya huquqiga ega.