Qantar ogʻib, havo biroz iliy boshladi. Bodomlar kurtak chiqarib, gullab qoldi. Ammo, qishning bir kuni ham qish, deganlaridek, toʻsatdan sovuq turib, atrofni qor qopladi.
Yoʻgʻon choʻzilib, ingichka oʻziladigan payt. Azizbek qish faslini koʻpam yoqtirmaydi. Boshqa fasllarda amallab biror joydan ish topib, roʻzgʻorning kamini bir navi qilib tursa boʻladi. Lekin, savil ayoz boshlandi deguncha tirikchilikning noni toshdan qattiq boʻlib qoladi. Mana, kunlar biroz ilib dalada ish boshlanadi, deb xursand boʻlib turgandi, bu ham koʻpga bormadi. Deraza oynasidan tashqarida oʻynoqlab yogʻayotgan qorni kuzatarkan, bolaligi yodiga tushdi.
...Endigina maktab ostonasiga qadam tashlab, oʻqish-yozishni oʻrganayotgan damlar edi. Ustozi har bir oʻquvchidan katta boʻlsang kim boʻlasan, deya soʻrab chiqqan. Azizbek ham begʻubor orzular ila shifokor boʻlishini aytgandi. Ustozi kishi orzusiga yetishi uchun albatta yaxshi oʻqish kerakligini uqtirgandi. U ham ustozi aytgan oʻgitlarga amal qilib, yaxshi oʻqishga intildi. Tirishqoqligi sabab aʼlochi oʻquvchilar qatoridan joy oldi. Hammasi yaxshi ketayotgandi. Beshinchi sinfga oʻtganida otasi hashar qilib, hovlisining koʻcha tarafidan kichikroq doʻkon qurdi. Bolali sigirini sotib, shahardagi ulgurji bozordan bir talay narsalar xarid qilib, doʻkonini toʻldirdi. Boshida doʻkonni otasi yuritib yurgandi. Ammo, keyinchalik vaqti boʻlmay qoldi shekilli, toʻngʻich farzandi Azizbekni ham savdo qilishga oʻrgata boshladi. Onasi yosh bolani aralashtirmang, desada eʼtibor qilmadi. Keyinchalik eski “Moskvich” sotib olib, yaqin atrofdagi qishloqlardagi bozorlarga chiqadigan boʻlishdi. Bu orada Azizbekning oʻqishida oʻzlashtirishi pasayib ketdi. Oʻqituvchisi harchand ota-onasini ogohlantirsa-da, nafi boʻlmadi. Toʻngʻich oʻgʻilning qoʻliga pul kela boshlagach, maktabga borishga hafsalasi qolmadi. Shifokor boʻlaman, degan orzulari ham soʻndi.
U maktabni tugatganida choʻntagida toʻrt-besh soʻm puli bor edi. Ammo, tengdoshlarining barchasi talaba boʻlib, uning oʻzi yolgʻiz qolib ketdi...
Bugun yoshi qirqdan oshib qoldi. Qoʻlida biror tayinli hunari yoʻq. Umri qora mehnatda oʻtib borayapti. Chuqur uh tortadi. Ammo “poyezd allaqachon oʻtib ketgan”. Katta oʻgʻli shu yil maktabni tugatadi, qanday qilib boʻlsada uni oʻqitishga ahd qildi.
Davomatga taʼsir qilmaydi...
Dehqonobod tumani “Beshbuloq” MFY hududida haftaning har seshanba kuni bozor boʻlib oʻtadi. Ushbu savdo kompleksi “Seguzar dehqon oziq-ovqat” MCHJga qarashli. Katta-kichik rastalarda kimdir dehqonchilik, yana kimdir bogʻdorchilik mahsulotlarini sotish bilan band. Shular qatori chamasi oltinchi-yettinchi sinfda oʻqiydigan qiz ham ikki-uch xil mevalarni qator terib qoʻygancha, sotib oʻtirardi. Yaqinroq borib, suhbatga tortishga harakat qildik.
Shu yaqin atrofdagi maktabning yettinchi sinfida oʻqishini bildirgan qiz dadasiga yordam berish uchun kelganini aytdi. Ammo maktabdan qolmasligini, darsi soat 11:00 da boshlanishini aytgancha, xaridorlarga xizmat koʻrsatishda davom etdi. Soat millari 11:00 ga yaqinlashayotgan boʻlsada, negadir oʻquvchi qiz darsga shoshilmasdi. Bozor ichkarisiga kirib borarkanmiz, hartugul boshqa joylarga qaraganda oʻquvchilar kam koʻrinardi.
Keyim-kechaklar sotilayotgan tarafda ikki nafar yoshdan boshqa, deyarli sotuvchilar orasida oʻquvchilar yoʻq. Ammo, mol va qoʻylar sotiladigan alohida joyda esa holat oʻzgacha. Oʻzini oltinchi sinfda oʻqiyotganligini aytgan bir oʻspirin bugun otasi bilan birga qoʻy sotish uchun bozorga kelganini, maktabga borolmaganini aytib qoldi. Shuningdek, kuzatuvlarimiz davomida kamida oʻn nafardan ortiq oʻquvchi bugun mol yoki qoʻy-qoʻzi sotishda otasiga, akasiga yordamga chiqqani uchun maktabga bormaganini gapirishdi.
— Bozorimiz 2006-yilda tashkil etilgan boʻlib, haftada bir marta – seshanba kuni oʻtkaziladi, — deydi bozor ish yurituvchisi O.Poyonov. — Lekin, oʻquvchilarning savdo qilishga umuman ruxsat berilmaydi. Bu yerga eng yaqin joylashgan 92-sonli maktabda uch navbatda dars oʻtiladi. Shu bois, keyingi smenada oʻqiydigan bolalar biror narsa xarid qilishga yoki shunchaki tomosha uchun kelishadi. Ular ham darsi boshlangach tezda ketishadi.
Yuqorida aytilganidek, 92-maktab oʻquv binosi bozordan koʻrinib turadi. Maktab maʼmuriyati bilan suhbatlasharkanmiz, aynan shu kuni bozor boʻlishi oʻquvchilar davomatiga taʼsir etmasligini taʼkidlashdi. Ammo, ayrim yuqori sinflarda esa shu kuni ikki-uch nafardan bola maktabga kelmagani maʼlum boʻldi.
Maktab hududidagi bozor
Kasbi tumani, Toshqoʻrgʻon qishlogʻi. Chorshanba kuni ertalab bu manzilga kirib borar ekanmiz, qiziq manzaraga duch keldik. Shundoqqina, qishloqqa kirish joyida bir kishidan bozor manzilini soʻrasak, toʻgʻri tarafni koʻrsatib “maktab stadionida boʻlayapti”, dedi. Qiziq, savdo majmuasi uchun aynan maktab stadionidan boshqa joy yoʻqmikan, deya aytilgan joyga bordik. Darhaqiqat, kattagina stadion. Bir tomonida temir ustunli darvozasi mavjud maydonda gavjum bozor boʻlayotir. Yonida kichik futbol maydoni, narigi tomonda esa maktab oʻquv binosi koʻrinib turibdi.
Savdo xodimlaridan surishtirib, bozor ish yurituvchisi Muhammad ismli fuqarodan bu holatga oydinlik kiritishini soʻradik. U kishining aytishicha, mazkur savdo majmuasi haqida toʻliq maʼlumotga ega emas, bu yerga togʻasi rahbar ekan. Ammo togʻasi hozir bu yerda emasligi, telefon qilib chaqirishini aytdi. Biz u kishi kelgunga qadar maktab direktori qabuliga yoʻl oldik.
Kasbi tuman 10-sonli maktab direktori Ergash Mavlonovning taʼkidlashicha, 2023-yil aprel oyida qishloq oqsoqollari iltimosiga koʻra, bu yerda haftada faqat chorshanba kuni boʻladigan bozorga ruxsat olishgan.
— Rostini aytsak, maktabga xalal berishayapti, — deydi E.Mavlonov. — Avvallari bu joy mahallaga qarashli oʻyingoh va sayillar oʻtadigan joy edi. Keyinchalik tuman kadastr boʻlimi vakillarining aytishicha, maktab hisobiga kiritilgan. Bugun tushdan keyin savdo yakunlangach, bu yerdagi holatni koʻrsangiz, achinib ketasiz. Hamma tomon chiqindilar bilan toʻlib ketadi. Bundan tashqari, jismoniy tarbiya darsini oʻtish juda mushkul boʻlib qoldi. Uning ustiga bu yerda oʻquvchilar tez tayyorlanadigan, sanitariya talablariga javob bermaydigan yeguliklarni xarid qilib isteʼmol qilishadi. Bozor egasiga koʻp bor tushuntirish berdik. Agarda bozor boʻladigan boʻlsa, atrofini devor qilib, qonuniy ajratib olishi lozimligini aytdik, ammo oʻzgarish yoʻq.
Maydondagi savdo joyiga razm solamiz. Birorta rasta tashkil qilinmagan. Har kim oʻz bilganicha yerga mahsulotlarini yoyib sotayapti. Birozdan soʻng tanaffus boʻldi shekilli, bir guruh oʻquvchilar ham shu tomonga kela boshladi. Ikki-uch daqiqada goʻyoki xaridorlari faqat oʻquvchilardan iborat bozor koʻrinishiga keldi.
— Bozor oldin boshqa joyda edi, — deydi oʻzini shu savdo majmuasi rahbari deya tanishtirgan Qurbonali Soyibov. — Keyinchalik shu joyga koʻchirib kelindi. Bu maydon mahallaga tegishli, Navroʻz sayillari oʻtadigan joy. Haftada faqat chorshanba kuni ertalab boshlanib, soat 12:00 larga qadar tugaydi.
Savdo majmuasi aslida kimga yoki biror tashkilotga tegishli ekanligini, sotuvchilardan joy haqi uchun yigʻib olinayotgan mablagʻ qaysi bankka kirim qilinayotganini soʻraganimizda, bu hech kimga tegishli emasligini, yigʻilayotgan pullar esa shu hudud obodonchiligi uchun ishlatilayotganini maʼlum qildi. Anglashimizcha, bozor noqonuniy tarzda faoliyat yuritmoqda. Bu holatga shuncha paytdan buyon Kasbi tuman mutasaddilari nega eʼtibor qaratishmayotgani esa bizga qorongʻu.
Ozgina yordam bergandir-da...
Nishon tumani, Guliston mahallasi. Unchalik katta boʻlmagan hududda odatdagi bozorlardan farqli ravishda bu yerda ham savdo rastalari mavjud emas. Shu bois boʻlsa kerak, oʻz imkoniyatidan kelib chiqib kimdir yerga, yana birov stol qoʻyib, mollarini yoyib chiqqan. Savdo maydonining asosiy qismini turli xildagi gazlama sotuvchilar band etgan boʻlsa, bir qismida qishloq xoʻjalik mahsulotlari joy olgan. Oʻrtaroqda esa shundoqqina yerga gilam toʻshalib, ustiga chordona qilib joy qilingan. Yonginasida ayol kishi xamirni shu yerning oʻzida tayyorlab, tagida olov yonib turgan qozonga tashlaydi. Yoshgina bola boʻgʻirsoq pishirish bilan ovora. Tayyor boʻlganini olib, dasturxon atrofida oʻtirgan kishilarga uzatadi. Shu damda qishning sovuq shamoli taʼsirida chang koʻtarilib, yeguliklar ustiga sochilayotganiga eʼtibor ham qaratishgani yoʻq.
— Nechanchi sinfda oʻqiysan, — deya oshpazlik qilayotgan boladan soʻradik.
— Uchinchi sinfda.
— Qaysi maktabda?
— Oʻn oltinchi..
— Bugun darsga bormadingmi?
— Oʻqishimiz tushdan soʻng boshlanadi.
Yegulik tayyorlashga yordamlashayotgan yoshgina bola hali bu narsalarga eʼtiborsiz boʻlishi mumkin, ammo hech bir xavotirsiz ovqatlanayotgan kattalar nega beparvo? Pishirilayotgan yegulik ham, tayyorlash jarayoni ham salomatlik uchun zarar keltirmaydi, deb boʻlmaydi. Bundan tashqari, dalada, oʻchoq atrofida harakatlanayotgan yosh bolaning xavfsizligi haqida ham biror kishi oʻylab koʻrmadimikan?
Maʼlum boʻlishicha, bozor nazoratchisi Bekzod Mallayev shu kuni boshqa joyda ekanligi, bozorchilarning taʼbiriga koʻra, chek pulini uning turmush oʻrtogʻi yigʻib olayotganini maʼlum qilishdi.
— Turmush oʻrtogʻim ishga ketgan, — deydi Hayitgul opa. — Men bozorda nazoratchilik qilyapman. Bozor faqat har payshanba kuni oʻtkaziladi. Lekin, rasmiy maʼlumotlardan xabarim yoʻq. Savdogarlardan yigʻib olayotgan mablagʻni esa turmush oʻrtogʻim topshirsa kerak...
Qiziq tomoni Hayitgul opa biror marta savdo xodimlaridan olinayotgan naqd pul uchun chek bermaganini, buning uchun kassa apparat ham yoʻqligini taʼkidladi. Haftada bir boʻlayotgan bu holat esa tuman mutasaddilarining nazaridan chetda qolayotganiga sabab nima ekan?
— Bozor ilgari shu yaqin atrofda edi, — deydi 16-sonli maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Baxtiyor Hamroyev. — Oʻtgan yili hududimizda “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” dasturi doirasida bir qator ishlar olib borilgani sabab hozirgi joyiga koʻchirildi. Haftaning oʻrtasida bozor boʻlishi davomatga taʼsiri qilmaydi deb aytolmaymiz. Boshqa kunlarga nisbatan aynan payshanba kuni bozorga borib, biror kiyim olish uchun bir yoki yarim soatga ruxsat soʻrash koʻp boʻlib turadi. Lekin, oʻquvchilarning darsni qoldirib, bozor aylanib yurishiga, savdo bilan mashgʻul boʻlishiga yoʻl qoʻymaymiz.
“Akamga yordamga keldim”
Koson tumani, Olatoʻn bozori. Koson hamda Koʻkdala tumanlari chegarasida joylashgan kattagina savdo majmuasi faqat juma kuni ishlaydi. Masʼullarning aytishicha, 1997-yildan buyon bozor faoliyat yuritib keladi. Yaqin atrofda esa sanoqli maktablar boʻlsada, bu yerda shu kuni bozor oralab yurgan, savdo-sotiq qilayotgan oʻquvchilar juda koʻp edi.
— Toʻqqizinchi sinfda oʻqiyman, — deydi yongʻoq sotib oʻtirgan oʻspirin. — Bugun maktabga borolmadim, akamga yordamga kelgandim.
Savdo rastalari qatorida xoʻjalik mollarini sotayotgan bolani suhbatga tortamiz. Oltinchi sinfda oʻqishini, bugun bozor boʻlganligi sabab darsga bormaganini aytadi u.
— Bir kun darsga bormasa, hech gap boʻlmaydi, — deydi uning yonida savdo qilayotgan otasi hijolatsiz. — Tovarlarim koʻp. Buni sotish uchun yordamchi kerak. Bugun bormasa ertaga borar shu maktabga.
Turli xildagi matolarni sotib oʻtirgan qiz 11-sinfda oʻqishini bildirdi. Darsi ikkinchi navbatga qoʻyilganini, tushdan soʻng albatta maktabga borishini aytadi.
Bozor hududini koʻzdan kechirarkanmiz, shu kuni oʻquvchi-yoshlarning koʻpchiligi behuda vaqt sarflab yurganiga guvoh boʻldik. Lekin, achinarli tomoni, bozordagi aksariyat oʻquvchilar aynan ota-onalariga yordamga chiqish uchun kelganini, bir qismi esa kattalarning ruxsat bergani sabab dars qoldirganini maʼlum qilishdi. Demak, arzimas bir bahona yoki oiladagi kattalarning yumushiga koʻmaklashaman, deb bolalar bir kunlik darsdan qolishmoqda. Kamida toʻrt yoki besh soat davomida qaysidir fanlardan oʻtilgan mavzular ertanga qaytarib oʻtilmasligi aniq. Qolgan ishga qor yogʻar, deganlaridek, birgina eʼtiborsizlik ortidan muammolar ergashib kelaveradi.
Bugun farzandini maktabga emas, bozorga joʻnatayotgan ota-onalarga bu holat oddiydek koʻrinishi mumkin. Ertaga esa nafaqat farzandingiz, balki sizu biz, butun jamiyat buning jabrini tormaydi, deb boʻlmaydi. Shunday ekan, farzandingiz taqdiriga befarq boʻlmang. Qolaversa, bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deganlaridek jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, beparvolikka barham berish orqali ham salbiy oqibatlarning oldini olish mumkin. Biz esa soha masʼul vazirliklarning rasmiy munosabatini kutib qolamiz.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri