Qadim qalʼaning gʻarbiy qismida olib borilayotgan qazishmalar natijasida yirik monolitli toʻshama topildi. Bu toʻshama 40x40x10 hamda 41x41x10 santimetr hajmdagi gʻishtlardan tiklangan boʻlib, umumiy maydoni 28x14 metr. Bu inshootdan nima maqsadlarda foydalanganligini hozircha faqat taxmin qilish mumkin. Qadimshunos olimlar fikricha, bu joy diniy marosimlarni bajarish uchun qurilgan boʻlishi mumkin.
Ana shu bino poydevori qoldigʻi ichidan milodiy III-IV asrlarga oid sopol buyumlar parchalari topildi.
Shuningdek, qalʼa markazida olib borilgan qazishma natijasida miloddan avvalgi IV-III asrlarga oid turar-joylar qoldiqlari ham aniqlandi.
Ilk antik davrga oid qatlamlardan topilgan sopol buyumlar orasida manjetsimon gardishli xumlar topilgani fan uchun katta ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
Ushbu topilmalar qalʼaning barpo qilingan sanasi haqida shu kungacha tarixchilar tilga oladigan sanani qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi. Negaki, shu koʻrinishdagi sopol idishlar turlari miloddan avvalgi VII-V asrlarga oid boʻlib, nafaqat Xorazm, balki Markaziy Osiyo hududlarida juda keng tarqalgan.
Yana eʼtiborli topilmalardan biri sopol haykalchadir. Sopol haykalcha nihoyatda nafis ishlangan, undagi tasvir yaqqol saqlanib qolgan. Bunday haykalchalar turlari Xorazm yodgorliklarining ilk antik davri qatlamlaridan koʻp bora topilgan.
Katqalʼadan topilgan osori atiqalar bu yerda antik davrdayoq odamlar yashaydigan katta manzilgoh boʻlganligini koʻrsatadi.
Maʼmun akademiyasi olimlari ushbu manzildagi qazishmalarini keyingi yillarda ham davom qildirish niyatida.
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri