Shunday boʻlganida edi, sizu biz bugun baland togʻlar silsilasining qaysi choʻqqilaridan oʻtayotgan yoki falakiyot yulduzlari orasida Choʻlpon misoli yaraqlab turgan boʻlmasmidik? Oʻsha yillardayoq bor kuchimizni yurtimizda ilmu fanni yuksaltirish, taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, muallimlarni, ziyolilarni ulugʻlash kabi muqaddas ishlarga bagʻishlaganimizda edi, hayotimizning bugungi manzaralari, shubhasiz, tamomila boshqacha boʻlgan boʻlar edi.
Afsuski, vaqt oʻjar va behad qaysar tulpor. Uni ortiga qaytarishniyam, toʻxtatishniyam iloj-imkoni yoʻq.
Ha, yoʻq! Ammo “eh, voh, attang!” deya boʻshashib oʻtirish ham mumkin emas. Hozir mamlakat oldida, millat zimmasida, sovrilgan kunlar hissasini chiqarish, shu bilan birga, tuyalari biznikidan ancha oʻzib ketganlarga yetib olish, ular bilan nainki hamqadam boʻlish, balki ulugʻ bobolarimiz singari ahlidunyoga namuna boʻlgʻulik yumushlarni amalga oshirib, Uchinchi Renessans deyilmish muhtasham qoʻrgʻon sari alpona qadamlar tashlash vazifasi turibdi. Shunday shiddatli damlarda, olma pish, ogʻzimga tush qabilida gʻoyibdan moʻjizalar kutib oʻtirish insofdan emas. Qolaversa, keyingi toʻrt yillik hayot, iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada yuz berayotgan oʻzgarishlar, koʻz tegmasin, hammamizda sor burgutdek baland parvoz qilish shiddati, jasorati borligini koʻrsatdi. Koʻngil dashtlarida soʻlib qolgan gullarni qayta yashnatdi. Nafaqat oʻzimizga boʻlgan ishonchga qanot berdi, balki boshqalarni ham ishontirdi. Jahon uzra mavqeimiz oshgani — bu ham haqiqat. Oʻzbekiston yuksalish yoʻliga chiqdi. Buning isbotlari koʻp. Mamlakat oyoqqa qalqdi. Oroldan Boʻkagacha, Zomindan Boysungacha —hamma-hamma yerda koʻklash-koʻkarish mavsumi — bahoriy iforlar chappar urdi. Birgina Toshkent shahridagi manzaralar — yer osti-yu, yer usti metrolari, qator-qator Sitilar, koʻchalar, koʻpriklar, zavodlar, yangi-yangi maktablar, institutlar...
Necha oʻn yillik orzular ushaldi. Nafaqat Toshkentda, oʻlkamizning jamiki qoʻrgʻonu kentlarida biri-biridan koʻrkam koshonalar qad rostladi. Omborlar donga, dasturxonlar nonga yalchidi. Misol uchun men oʻzim Samarqandning Urgutidanman. Atigi uch yil avval, qishniku qoʻyavering, hatto kuz yoki erta bahorda ham qishloqqa borar boʻlsam, yuragim zirqirardi. Yozda, mayli — supadadir, birorta daraxt soyasidadir kunni oʻtkazish mumkin bir amallab. Lekin yogʻin-sochinli pallalarning har lahzasi botmon-botmon azob edi: na gaz, na chiroq, na oʻtin bor. Haliyam qishloqdoshlarimiz irodali, chidamli — jamiki qiyinchiliklarga matonat bilan bardosh berdilar. Endi-chi? Endi shu uch-toʻrt yil orasidagi yangilanishlarni koʻrib, koʻzlarimga ishongim kelmaydi: ertak, birodarlar, naq ertakning oʻzi! Shubhangiz boʻlsa Urgutga boring, koʻring, tomosha qiling. Kechagi bekoʻrim va gʻarib qishloqlarda toʻqqiz, oʻn ikki qavatli imoratlar koʻkka boʻy choʻzdi.
Qishda, hatto, tappiga zor odamlar bugun zamonaviy “dom”larda shaharliklar kabi yayrab oʻtiribdi.
Bir mahallar gurkiragan, keyin-keyin xarobaga aylanib, toʻxtab qolgan zavodlarda ham yana hayot qaynadi. Borsangiz, bu yerdagi yangi hayotni koʻrib iftixordan hayqirib yuborishingizga kafilman: tumanda yuz xildan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Paypoqdan tortib, italyanlarnikidan qolishmaydigan kiyim-kechaklargacha, rezina ichakdan tortib, televizoru muzlatkichlargacha, kir yuvish mashinasiyu atir-upa, dori-darmonlargacha, rang-barang gilamlar, duxobalar, qoʻyingki, attorning qutisida topilmaydigan matolargacha hammasi shu yerda tayyorlanib, shu yerdan dunyoning sharqu gʻarbiga joʻnatilmoqda. Yoʻllar ham endi boshqacha — tekis, ravon. Uch yil avvalgi yoʻl azoblarini eslasam, hozir ham etim uvushib ketadi. Ishonasizmi, bizga Toshkentdan Samarqandga yetish bir tashvish boʻlsa, Samarqanddan qishloqqa yetib olish oʻn azob edi. Oʻydim-chuqurlarning behisobligidan “tuxumkorobka” degan nom qoʻyvolishgandi bu yoʻlga odamlar.
15-20 chaqirim masofadan oʻtguncha odam-ku odam, bechora mashinaniyam ichak-chavogʻi uzilib ketgandek boʻlardi goʻyo. “Tuxumkorobka” taʼmirlanib, shunday ravon yoʻlga aylantirildiki, yurgan sayin yurging keladi.
Albatta, bu — yurtimizning hamma joyi behishtga aylanib ketdi, degani emas. Necha oʻn yillar mobaynida toʻplanaverib, chalma boʻlib ketgan kirlarni hech kim bir hamlada tozalay olmaydi. Quvonchlisi — soʻnggi yillardagi koʻkarishlar butun millat qalbida bugun va ertaga boʻlgan mumtoz ishonch tuygʻularini uygʻotib yuborganida.
Davlatimiz rahbarining videoselektorda kuyunib aytgan oʻtli soʻzlari qalblarga yanayam kuchliroq choʻgʻ soldi, olovlantirdi. Prezident tomonidan xalq muhokamasidagi taʼlim-tarbiyaga doir farmonning mazmun-mohiyati shu qadar sinchkovlik bilan miridan-sirigacha mukammal tahlil va talqin qilib berildiki, agar badiiyroq qilib, maktabni azamat bir chinor desak, uning yetti qavat yer tagidagi izdizlaridan to osmonga choʻzilgan shoxlaridagi har bitta yaprogʻigacha hamma-hammasi koʻz oldimizda aniq-tiniq namoyon boʻldi. Maktablarning nafaqat taʼlim-tarbiya maskani, balki mahallaning madaniy, intellektual markazi boʻlmogʻi zarurligi, oʻquv darsliklari, metodikasi, qogʻozbozlikdan qutulish, taʼlim dargohlarini taʼmirlash, direktorning vazifasi, oʻquvchilarni ilmga, kasbga qiziqtirish, pedagoglarning malakasini oshirish, oʻqituvchilar toifasini belgilash tartiblari, maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, qisqasi, maktabni yuksaltirmay turib, Uchinchi Renessansga yetib boʻlmasligi sodda va jaydari tilda tushuntirib, tasvirlab berildi.
Darhaqiqat, Uchinchi Renessans kalomi bugun lisonimizga kirdi, gʻururu iftixorga daʼvat maqomiga aylandi. Bu holat kimlargadir yoqmayotgani ham bor gap. Kuchi yoʻq kurak sindiradi, deganlaridek, hayron qolasan gohida. Yoki kuchi yoʻq otasini yiqitmoqchi boʻladi, deyilmishga bir misolmikan bu? Toʻgʻri-da, xoʻsh, odamzod nima uchun baland choʻqqilarni koʻzlamasligi, intilmasligi kerak. Nima, oʻzbekni boshqalardan kam joyi bormi? Bobokalonlarimizning kimlar ekani jahonga maʼlum-ku?! Dunyo taraqqiyotiga tamal toshlarini qoʻygan va hali-hanuz Yer yuzini hayratga solib kelayotgan ulugʻlarimiz nomini sanab sanogʻiga yetish mumkinmi?! Koʻkragida ozroqqina boʻlsa hamki vijdoni bor odam yaxshi biladi, bu maqsad kimlargadir maqtanish yoinki nimalarnidir koʻz-koʻz qilish uchun daʼvat etilgan emas. Aslo! Uchinchi Renessans fasli tap etib osmondan tushmagan yoxud oʻylab topilmagan, Prezident oʻz vazifasiga kirishgan kunlardayoq jamol koʻrsatgan. Akademiklar, ziyolilar bilan boʻlgan uchrashuvlar... Ularga boʻlgan eʼtibor... Jamiyat tugul, odamlarning ham esidan chiqib ketgan fan fidoyilari — akademiklarning ilmiy dargohlarga qaytishlari, ularni moddiy-maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlashlar... Shu tariqa tirikchilik uchun bozorga chiqib ketgan, chetga borib, mardikorlik qilishga majbur boʻlgan olimlarning yana qadrdon dargohlarida ilm bilan shugʻullana boshlashlari...
Oʻrni bordir-yoʻqdir, ammo, yozuvchi-shoirlar taqdiri bilan bogʻliq yana bir ayanchli holatni aytmasam, ichim kuyib ketganday boʻladi. Axir, bor-yoʻgʻi 3-4 yil burun shoʻring qurgʻur adib tunlarni bedor oʻtkazib yozgan asarini chiqarish uchun eshikma-eshik homiy qidirib yurganini unutib boʻlarkanmi? Oʻsha paytlardagi bir amaldorning yozgʻirishlarini eslasam, haliga dovur mayizday ezilib ketaman. “Bu yozuvchi-shoirlar jonga tegib ketdi-ku! Biri kelib, kitobimni chiqarib ber desa, boshqasi kelib, kitobimni sotib ber, deb etagimga yopishadi!” Koʻrdik-ku shu kunlarniyam. Bugun esa shukrlar boʻlsinki, adiblar ham oʻz qadrini topmoqda. Yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan hududlarda yashab, ijod qilayotgan yozuvchi-shoirlarni maktablarga keng jalb qilish, maktab direktori jamgʻarmasidan va mahalliy byudjet mablagʻlaridan ularga oylik maosh toʻlash lozimligi qayd etildi. Bu yozuvchi uchun ham, oʻquvchi uchun ham hayot murakkabliklarini, inson ruhiyatini ich-ichdan oʻrganish borasida cheksiz imkoniyatdir — ijodkor boʻlajak asarlarining qahramonlari bilan, oʻquvchi esa chin yozuvchi bilan yonma-yon yashaydi, bir-biridan oʻrganadi, bir-biriga oʻrgatadi.
Oʻqituvchilarning ahvoli undan-da mushkul, undan-da ayanchli, undan-da achinarli emasmidi?
Prezident nafaqat mazkur selektorda, balki avvalgi majlislarda ham bunday nopisandliklarni alam bilan qayta-qayta esladi. Esladi va muallim obroʻyini tiklamay turib, maktabni “siz”lamay turib, iqtisodiy va maʼnaviy yuksaklikka erishish mumkin emasligini yana bir bor taʼkidladi.
Koʻplar Singapur degan davlat haqida eshitgan, biladi. Jahon xaritasida xira nuqtaday arang koʻzga tashlanuvchi ana shu mitti mamlakat xaritada gilamday-gilamday joylarni egallab yotgan davlatlarga necha yillardan buyon oʻzining hayratomuz yuksalishlari bilan ibrat boʻlib kelyapti. Singapurning yoʻli, nimalari bilandir biznikiga oʻxshab ketayotgandek tuyuladi menga. Eʼtibor bering, Singapurning oʻsha paytdagi bosh vaziri Li Kuan Yu mamlakat yetakchiligiga kelganidan keyin muallimlarning obroʻyini koʻtarishni birinchi vazifa qilib qoʻyadi. “Men Singapurda moʻjiza yaratmadim, — deb yozadi Li Kuan Yu oʻz kitobida. —Men faqat vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos. Davlat byudjetini taʼlimga yoʻnaltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurning eng yuqori martabasiga koʻtardim. Davlatdagi “moʻjizalarni” qilgan insonlar muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib chiqardilar”.
Umuman, Singapur va Xitoy moʻjizalarini dunyoga keltirgan Li Kuan Yu va Den Syaopin bilan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tutumida bir-biriga uygʻun tomonlar borki, bu hamohanglik nafaqat qalblarga xush yoqadi, balki yuraklarda gʻayrat-shijoat uchqunlarini chaqnatadi.
Ha, bugun Oʻzbekiston degan katta karvon Uchinchi Renessans deyilmish muborak manzil tomon yuzlandi. Qiyin, ogʻir, mashaqqatli, oʻydim-chuqur soʻqmoqlar turibdi oldinda. Manzilga yetmoq uchun 10-15, ehtimol undan ham koʻproq yillar kechayu kunduz tinmay yoʻl bosish kerak boʻlar. Ne boʻlsa ham oʻttiz besh millionli karvon elsevar, millatsevar karvonboshi yetakchiligida katta yoʻlga chiqdi. Bir yoqadan bosh chiqarib degan xalqona soʻzlarni dilga joylab va unga amal qilib yashaydigan behad masʼuliyatli kunlar keldi. Davlatimiz rahbarining aytganidek, endi maktab ishi faqat Xalq taʼlimi vazirligi yoki oʻqituvchilarning emas, har bir Oʻzbekiston odamining dardu tashvishiga, quvonchu qaygʻusiga — umummillat yumushiga aylanmogʻi zarur. Shunday qilsak, bu yugurik zamonda qalblarimizni ezgulik nuri munavvar etadi, orzudagi qoʻrgʻonga tez, toʻrt koʻz tugal va beshikast yetamiz.
Abdusaid KOʻCHIMOV