Kattaqoʻrgʻonlik fermer xoʻjaliklariga yetkazilgan 1 milliard 54 million soʻmlik zarar undiriladi

    Agrosektor 24 Noyabr 2020 2265

    Bir qator internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqoʻrgʻonda elektrsiz qolgan issiqxona bir kechada 35 ming dollar zarar koʻrgani haqida tarqalgan xabarlar oʻrganib chiqilganda mazkur holat haqiqatdan ham ushbu tumanda sodir boʻlgani aniqlandi.

    Jumladan, “Kattaqoʻrgʻon Valijon parranda” MCHJ raisi M.Ulugʻmurodov 2020-yil 18-noyabrdan 19-noyabrga oʻtar kechasi tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 6 soat mobaynida elektr energiyasi uzib qoʻyilishi oqibatida 1 gektar maydondagi issiqxonada ekilgan pomidor muzlab qolishi oqibatida 231 million soʻm zarar koʻrganini bayon etib, Kattaqoʻrgʻon tumani prokuraturasiga murojaat qilgan.

    Tumandagi “Murodulla bobo” fermer xoʻjaligi rahbari F.Nasrullayev esa issiqxonasidagi 1 gektar maydondagi pomidor va 1 gektar yerdagi bodring koʻchatlari va hosilining muzlab qolishi oqibatida 823 million soʻm moddiy zarar koʻrgan.

    Vaholanki, fermer xoʻjaliklari va elektr tarmoqlari korxonalari oʻrtasida tuzilgan shartnomaga koʻra, taʼminotchi isteʼmolchiga elektr energiyasini yetarli miqdorda va uzluksiz yetkazib berishi lozim.

    Shartnoma shartlari buzilganligi va majburiyat bajarilmagani sababli Kattaqoʻrgʻon tumani prokuraturasi joriy yilning 23-noyabr sanasida mazkur holatlar yuzasidan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatidan fermer xoʻjaliklariga yetkazilgan 1 milliard 54 million soʻm moddiy zararni undirish yuzasidan Kattaqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritdi.

    Tadbirkorlar manfaatini himoya qilish va ularga yetkazilgan zarar undirilishi shaxsan viloyat prokurori nazoratiga olindi.